Yangiliklar

Uzbekistan Airways Xitoydan yangi Airbus A321neo samolyotlarini xarid qiladi

Xitoyning CALC (China Aircraft Leasing Group) lizing kompaniyasidan
Uzbekistan Airways Xitoydan yangi Airbus A321neo samolyotlarini xarid qiladi
Uzbekistan Airways Xitoydan yangi Airbus A321neo samolyotlarini xarid qiladi / Foto: Air charter service

Uzbekistan Airways Xitoyning CALC (China Aircraft Leasing Group) lizing kompaniyasi bilan to‘rtta yangi Airbus A321neo samolyotini yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvni imzoladi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Samolyotlar ikki klassli salon konfiguratsiyasiga ega bo‘lib, 2027–2028-yillarda aviakompaniyaga topshirilishi rejalashtirilgan. Yangi avialaynerlar zamonaviy ko‘ngilochar tizimlar va bortda simsiz yuqori tezlikdagi internet bilan jihozlanadi.

Foto: Uzbekistan Airways

Mazkur kelishuvga ko‘ra, Uzbekistan Airways 2028-yil oxirigacha CALC’dan jami oltita Airbus A321neo qabul qilib oladi. Bu esa kompaniyaga ushbu turdagi samolyotlar sonini 15 taga yetkazish va mintaqadagi yetakchi aviatashuvchi sifatidagi mavqeyini mustahkamlash imkonini beradi.

«CALC bilan hamkorlik Uzbekistan Airways’ni modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim bosqichdir. Biz flotni tizimli ravishda yangilab, zamonaviy texnologiyalarni joriy etmoqdamiz va yo‘lovchilar qulayligiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz,» — deydi Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuxrat Xudaykulov.

Avvalroq 2025-yilning to‘qqiz oyida Uzbekistan Airways sof foydasi 710,2 mlrd so‘mni tashkil etgani xabar qilingandi. Bu ko‘rsatkich bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 44% ko‘p (494 mlrd so‘m). Aviakompaniyaning umumiy tushumi 12,9 trln so‘mdan 13,7 trln so‘mga oshdi (+6,6%), deya ma’lum qilinadi kompaniyaning kvartal hisobotida.