Yangiliklar

Xovosda ikki nafar IIB xodimi pora ustida ushlandi

DXX, viloyat prokuraturasi va IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida
Xovosda ikki nafar IIB xodimi pora ustida ushlandi / Foto: DXX

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida ikki nafar katta tezkor xodim pora olayotgan paytida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, oktabr oyida tuman IIBga dala maydonidan polietilen o‘g‘irlanishi bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Shundan so‘ng, podpolkovnik va mayor unvonidagi ikki tezkor xodim o‘g‘irlikda gumon qilib 4 nafar fuqaro­ni majburan bo‘limga olib kelgan. Ular fuqarolarni qo‘rqitib, «ishni yopish» evaziga 55 mln so‘m talab qilgan va keyinchalik 24 mln so‘m olgan.

Shuningdek, jinoyat qo‘zg‘atmaslik va sudga faqat ma’muriy ish sifatida yuborish evaziga qo‘shimcha 11 mln so‘m so‘ralgan. Tezkor tadbir vaqtida ular aynan shu 11 mln so‘mni olayotgan paytda qo‘lga tushdi.

Hozirda xodimlarga Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Tergov ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida «Yagona buyurtmachi xizmati» bosh yuriskonsulti pora bilan qo‘lga tushgan edi.