Sport

«JCh – 2026» saralash bosqichining o‘tish o‘yinlariga qur’a tashlandi

Foto: BBC

Syurix shahrida 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichining o‘tish o‘yinlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unga ko‘ra, Yevropa mintaqasidagi o‘tish o‘yinlarida jami 16 ta jamoa ishtirok etadi. Ular orasida saralash guruhlarida ikkinchi o‘rinni egallagan Italiya, Ukraina, Kosova, Polsha, Daniya, Turkiya, Uels, Slovakiya, Chexiya, Albaniya, Bosniya va Gersegovina hamda Irlandiya bor.

Shuningdek, Millatlar ligasidagi reytingi sababli Ruminiya, Shvetsiya, Shimoliy Irlandiya va Shimoliy Makedoniya ham ushbu bosqichga qo‘shildi. Qura natijalariga ko‘ra, boshqa juftliklar ham ma’lum bo‘ldi. Polsha Albaniya bilan, Turkiya esa Ruminiya bilan kuch sinashadi.

Bundan tashqari, qit’alararo pley-off bahslari doirasida Surinam terma jamoasi Boliviya bilan to‘qnash kelishi belgilandi. Yangi Kaledoniya esa Yamayka bilan kuch sinashadi. Juftlik g‘oliblari hal qiluvchi o‘yinda Iroq va Kongo terma jamolariga qarshi Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «JCh – 2026» ishtirokchilari soni 42 taga yetgani haqida xabar bergan edi.