Yangiliklar

Rossiyadan noqonuniy olib kelingan tibbiy buyumlar va dorilar qo‘lga olindi

Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda
Rossiyadan noqonuniy olib kelingan tibbiy buyumlar va dorilar qo‘lga olindi / Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmati va chegara qo‘shinlari hamkorligida tezkor tadbirda Rossiyadan noqonuniy olib kelingan tibbiy buyum va dori vositalari to‘xtatib qolindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, «Volgograd – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezdlardan ikki vagonda yashirincha olib kirilgan qimmatbaho tibbiy anjom va dorilar aniqlandi. 7-vagon kuzatuvchisi, Samarqand shahrida yashovchi 1981-yilda tug‘ilgan shaxs tomonidan vagonga yashirilgan 2742 dona turli turdagi stomatologik buyumlar va implantlar, taxminan 913 mln so‘m qiymatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, 12-vagon kuzatuvchisi, Toshkent shahrida yashovchi 1976-yilda tug‘ilgan shaxs tomonidan yashirincha olib kelingan 894 dona dori vositalari va tibbiy anjomlar, taxminan 1,5 mlrd so‘m qiymatida, dalil sifatida olingan.

Vagon kuzatuvchilari moddiy manfaat evaziga bu buyumlarni Toshkent shahriga yetkazib berishlari kerak edi. Qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu buyumlar ichida stomatologik implantlar, jarrohlik asboblari, tibbiy protezlar va dorilar bo‘lib, ularning noqonuniy aylanmasi sog‘liqni saqlash xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX tomonidan Andijondagi xonadonda narkolaboratoriya fosh etilgan edi.