
O‘zbekistonda o‘tgan hafta davomida bir qancha yangiliklar yuz berdi. Kursiv Uzbekistan ularni bir joyga jamladi.
Sibir suvini O‘zbekistonga yo‘naltirish g‘oyasi yana ko‘tarildi
Sibir daryosining ortiqcha suv oqimini O‘zbekiston va Qozog‘istonga yo‘naltirish masalasi yana muhokamalar markazida qayta ko‘tarildi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Suv muammolari instituti direktori Viktor Danilov-Danilyan ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bu tashabbus «Quruqlik suv resurslari» bo‘yicha ilmiy kengashning oktabr oyidagi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan. Loyiha doirasida Rossiya suv xo‘jaligining strategik rivojlanishi, suv tanqisligi va mavjud suv resurslarini qayta taqsimlash imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
2026-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar firma nomiga ega bo‘lishiga ruxsat beriladi
2026-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomidan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Bu o‘zgarish tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritishni sezilarli darajada yengillashtirishni maqsad qilgan yangi prezident farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili joriy etiladi. Endi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tayotganda bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi:
- elektron imzo olish,
- bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish,
- ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya va ruxsatnoma uchun ariza yuborish,
- ko‘chmas mulk ijarasini rasmiylashtirish,
- qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi guvohnomasini olish;
- onlayn nazorat-kassa mashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish.
Sud qarorlarining kuchga kirish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirilishi mumkin
Sud qarorlarining kuchga kirish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirilishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqildi.
Loyihaga ko‘ra, Fuqarolik va Iqtisodiy protsessual kodekslariga soddalashtirilgan tartibda ko‘riladigan sud ishlarining bahosini oshirish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritiladi. Amaldagi tartibda quyidagi miqdordagi da’volar soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqiladi:
- jismoniy shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 baravari (2 mln so‘m),
- yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT)ga 10 baravari (4,1 mln so‘m),
- yuridik shaxslarga 20 baravari (8,2 mln so‘m).
O‘zbekistonda avtomobil bozori 11 foizga o‘sdi
O‘zbekistonda avtomobil bozori oktabr oyida sezilarli yuqorilab, 112,5 ming dona transport vositasi sotildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda. Ushbu ko‘rsatkich sentabrga nisbatan 11 foizga yuqori.
Yengil avtomobillar savdosi sezilarli oshdi
Birlamchi va ikkilamchi bozorlarni birlashtirgan yengil avtomobillar segmenti oy davomida 12,7 foizga ko‘tarilib, 95,4 ming donaga yetdi. Eng faol o‘sish Namangan, Jizzax va Buxoro viloyatlarida qayd etilib, bu hududlarda savdolar 20 foizdan ko‘proqqa oshgan. Samarqand viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida savdo faolligi biroz pasaygan.
O‘zbekiston Airbus’dan yangi Flexrotor uchuvchisiz tizimlarini xarid qiladi
Airbus Helicopters kompaniyasi O‘zbekistonning harbiy va ikkiyoqlama texnikalarni import qilish bilan shug‘ullanuvchi davlat korxonasi bilan Flexrotor tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida xabar berdi.
Hozircha nechta dron sotib olinayotgani oshkor qilinmagan. Airbus Helicopters kompaniyasining ijrochi vitse-prezidenti Olive Mikalonning aytishicha, O‘zbekiston ushbu texnologiyani tanlagan birinchi Markaziy Osiyo davlati bo‘ldi. Flexrotor dronlari razvedka, kuzatuv, maqsadni aniqlash va axborot yig‘ish kabi vazifalar uchun mo‘ljallangan.
O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,9 foizga tushdi
O‘zbekistonda 2025-yil boshidan beri ishsizlik darajasi 4,9 foizga tushdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, ayrim shaharlar ilk bor «tabiiy ishsizlik» darajasiga yaqinlashdi. Shu bilan birga, 302 ming oila kambag‘allikdan chiqdi.
Yil yakunida kambag‘allik darajasi olti foizgacha tushishi kutilmoqda. Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskent tumanlarida kambag‘al oilalar soni 4,5 barobargacha kamaygan.
Oktabr oyida O‘zbekiston uy-joy bozori 12 foizga oshdi
Oktabr oyida uy-joy oldi-sotdi bitimlari 12 foizga ko‘payib, 27,1 mingtaga yetgan. Bu 2023-yil avgustidan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari e’lon qilindi.
Hududlar bo‘yicha faollik
O‘tgan oyda uy-joy bozoridagi eng katta o‘sish Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlarida qayd etilib, bu hududlarda bitimlar soni o‘rtacha 26 foizga oshgan. Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida esa o‘sish nisbatan past bo‘lib, mos ravishda 2% va 4% atrofida bo‘ldi.
Toshkentdagi pullik avtoturargoh tariflarini qayta ko‘rib chiqish lozim — XDP
Toshkentda soatiga 12 ming so‘mdan joriy etilgan pullik avtoturargohlar narxi jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Xalq demokratik partiyasi rasmiy bayonot bilan chiqib, tariflar aholining daromadlariga mos emasligini ta’kidladi.
Poytaxtda 14 mingga yaqin pullik to‘xtash joylari tashkil etilgan bo‘lsa-da, kuniga mashinasini 8 soat qoldiradigan xodim uchun to‘lov 100 ming so‘mga yaqinlashmoqda. Bu oylik xarajatlar eng kam ish haqidan ham oshib ketishi mumkinligini anglatadi.
O‘zbekistonda valyuta bozori: xorijiy valyutaga bo‘lgan talab 24 foizga oshdi
O‘zbekiston ichki valyuta bozorida 2025-yilning yanvar – oktabr oylarida talab va taklif dinamikasi sezilarli faollik bilan davom etdi. Markaziy bank sharhiga ko‘ra, bozordagi umumiy valyuta taklifi o‘sish sur’atlari talabdan biroz yuqori bo‘lib, milliy valyuta kursining mustahkamlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Timur Kapadze Indoneziyada ko‘rinish berdi — video
O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze Indoneziyada bo‘lib turgani haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.
Kapadze terma jamoadan iste’foga chiqqanidan keyin bir nechta klublar va terma jamoalardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi. Mutaxassisning aynan shu vaqtda mamlakatda ekanligi uning Indoneziya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga asosiy nomzodlardan biri ekanligi haqidagi taxminlarni yanada kuchaytiradi.
Toshkentda kelinning uyini 240 ming dollarga sotib yuborgan boʻlajak kuyov 9 yilga qamaldi
Toshkentda boʻlajak kelinning uyini aldov yoʻli bilan sotib yuborgan fuqaroga hukm oʻqildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani sudining 21-noyabr kuni boʻlib oʻtgan ochiq majlisida u 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda jabrlanuvchining vakillari ma’lum qildi.
Sud hukmida aytilishicha, Rismatov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (juda koʻp miqdorda firibgarlik) boʻyicha aybli deb topilgan. U tayinlangan jazo muddatini umumiy tartibli koloniyada oʻtaydi. Shuningdek, sudlanuvchidan uch nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 4 mlrd 879 mln so‘m miqdorida zarar undirilishi belgilandi.
S&P Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini «BB» darajasiga koʻtardi
S&P Global xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini bir pogʻona koʻtarib, «barqaror» prognozi bilan «BB» darajasiga baholadi. Bu haqda agentlik saytida ma’lum qilindi.
Agentlikning ta’kidlashicha, mamlakat avvalgi marta 2018-yilda «BB-» reytingini olgan edi. Oradan yetti yil oʻtib, reytingning oshirilishi Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining izchil mustahkamlanayotgani bilan izohlandi.
1-dekabrdan O‘zbekistonda AI-80 benzini sotuvi to‘xtatiladi
O‘zbekistonda 2025-yil 1-dekabrdan AI-80 benzini savdosi to‘xtatiladi. Prezidentning 18-noyabr kuni qabul qilgan qaroriga ko‘ra, ekologik toza yonilg‘iga o‘tish va havoning sifatini yaxshilash maqsadida bu turdagi benzin AYoQShlarda endi realizatsiya qilinmaydi.
Jarayonning bajarilishi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan kuzatiladi. Bajarilishi belgilangan ekologik chora-tadbirlar doirasida poytaxtda yuk tashuvchi avtomobillar harakati tig‘iz vaqtlarda cheklanadi.
Sergio Gor Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashiga hamrais etib tayinlandi
AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Sergio Gor Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashiga hamrais etib tayinlandi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
U endilikda kengashda AQSh tomonining ishtirokini O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bilan birgalikda boshqaradi.
Javohir Sindarov FIDE Jahon kubogi finaliga chiqdi
Grossmeyster Javohir Sindarov O‘zbekiston tarixida ilk bor Nomzodlar turnirida ishtirok etishni ta’minlagan shaxmatchiga aylandi. U FIDE Jahon kubogi yarim finalida vatandoshi Nodirbek Yakubboevni tay-breykda 1,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilar o‘rtasidagi dastlabki ikki klassik partiya durang bilan yakunlangandi. Rapiddagi uchrashuvda Sindarov g‘alaba qozondi va ikkinchi rapidda durangni ushlab, final yo‘llanmasini hamda amaldagi jahon chempioniga raqib bo‘ladigan asosiy saralash bosqichi – Nomzodlar turniriga avtomatik yo‘l oldi.