Yangiliklar

Geminidalar meteor yomg‘iri O‘zbekistondan ham ko‘rinadi

Mahalliy vaqt bilan 08:00–09:00 orasida
Geminidalar meteor yomg‘iri O‘zbekistondan ham ko‘rinadi / Foto: Depositphotos

13-dekabrdan 14-dekabrga o‘tar kechasi O‘zbekiston aholisi yilning eng hayratlanarli Geminidalar meteor yomg‘irini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Bu haqda Science NASA ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, meteor yomg‘irining cho‘qqisi 14-dekabr kuni dunyo vaqti bilan 03:00–04:00 da sodir bo‘ladi. O‘zbekiston UTC+5 vaqt mintaqasida joylashgani sababli, bu mahalliy vaqt bilan 08:00–09:00 ga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun kosmik hodisa quyosh chiqqandan keyin sodir bo‘ladi.

Geminidalar meteor yomg‘irining yuqori faolligi cho‘qqidan oldin va keyin bir necha soat davom etadi. Shu bois uni qorong‘i osmon ostida, ya’ni tundan tonggacha kuzatish mumkin. Agar osmon toza va qorong‘i bo‘lsa, soatiga 120 gacha meteor ko‘rish imkoniyati mavjud. Geminidalar yorqin va sekin harakatlanishi bilan mashhur bo‘lib, hatto yengil shahar yorug‘ligida ham ko‘zga tashlanadi.

Ma’lumot uchun, Geminidalar har yili dekabr oyida kuzatiladi va ular 3200 Faeton asteroidi tomonidan qoldirilgan zarralardan tashkil topadi. Ko‘pgina meteor yog‘inlari kometalarga bog‘liq bo‘lsa-da, Geminidalarning kelib chiqishi asteroid bo‘lgani uchun ularning zichligi va yorqinligi yuqori hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «Samarqand-2028» sun’iy yo‘ldoshi ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergan edik.