Yangiliklar

Yangi Zelandiyada erkak qimmatbaho Faberge taqinchog‘ini yutib yubordi

18 karatli oltin va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan taqinchoq hali qaytarib olinmagan
Foto: Dexerto

Yangi Zelandiya politsiyasi 32 yoshli erkakni Oklend shahridagi do‘konda qiymati $19,2 mingdan oshiq Faberge kulonini yutib yuborganlikda ayblamoqda. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Do‘kon xodimlari erkak taqinchoqni olib, yutib yuborganini xabar qilgach, politsiya zudlik bilan voqea joyiga yetib kelgan va gumonlanuvchini hibsga olgan. O‘g‘irlangan buyum James Bond Octopussy to‘plamiga mansub maxsus tuxum shaklidagi kulon bo‘lib, u 18 karatli sariq oltin, 60 ta oq olmos va 15 ta moviy sapfir bilan bezatilgan.

Foto: The Guardian

Kulon ichida qora olmos bilan ishlov berilgan kichik oltin sakkizoyoq joylashtirilgan. Politsiya vakilining ta’kidlashicha, qimmatbaho buyum hali qaytarib olinmagan. Ayblanuvchi ayni paytda hibsda saqlanmoqda va 8-dekabr kuni sud oldida javob beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Zelandiyalik erkak eng uzun ism egasi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgani haqida xabar bergan edi.