Yangiliklar

Talabalar uchun qishki ta’til 28-dekabrdan boshlanadi

28-dekabrdan 2026-yil 10-yanvariga qadar
Foto: yuz.com

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2025/2026-o‘quv yili uchun qishki ta’til muddatini rasman tasdiqladi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari, kasbiy ta’lim tizimi va akademik litseylar talabalari hamda o‘quvchilari 28-dekabrdan boshlab dam olishga chiqadi.

Qishki ta’til 2025-yil 28-dekabrdan 2026-yil 10-yanvariga qadar, shu kuni ham davom etadi.

Ta’til davrida talabalar doimiy yashash hududlariga bemalol yetib borishi uchun Transport vazirligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» va Uzbekistan Airways bilan hamkorlikda qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

Eng muhim yangilik – yo‘l chiptalariga 50 foiz chegirma joriy etilishi. Chegirma 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvariga qadar amalda bo‘ladi va barcha talaba hamda o‘quvchilar uchun tatbiq etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan maktablarda qishki ta’til sanalari aniq bo‘lgani haqida yozgandi.