Yangiliklar

Apple Fitness+ servisi yana 28 mamlakatda ishga tushadi

Servis tarixidagi eng yirik kengayish bo‘lib, endi Fitness+ jami 49 davlatda mavjud bo‘ladi
Foto: Apple

Apple kompaniyasi Apple Fitness+ sport servisining 28 ta yangi mamlakatda ishga tushirilishini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi. Servis tarixidagi eng yirik kengayish bo‘lib, endi Fitness+ jami 49 davlatda mavjud bo‘ladi.

Yangi qo‘shilayotgan davlatlar qatoriga Chili, Gonkong, Hindiston, Niderlandiya, Singapur va Tayvan kiradi. Ushbu mamlakatlarda xizmat 15-dekabrdan boshlab ishlay boshlaydi. Yaponiya bozoriga esa servis 2026-yil boshida kirib borishi rejalashtirilgan.

Foto: Apple

Kengayish doirasida Fitness+ trenirovka va meditatsiya mashg‘ulotlari uchun yangi ovozli tarjima imkoniyatlarini ham joriy etmoqda. Endi mashg‘ulotlar ispan va nemis tillarida, kelgusi yilda esa yapon tilida ham tinglash imkoniyati bilan taqdim qilinadi. Barcha ushbu ovozlar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan bo‘lib, ular Fitness+’dagi 28 nafar murabbiy ovozlari namunalariga asoslangan. Kompaniya ta’kidlashicha, bu yondashuv orqali asl murabbiylarning ohangi va uslubini imkon qadar aniq saqlab qolish maqsad qilingan.

Foto: Apple

Apple ushbu yangiliklar orqali Fitness+ xizmatini global auditoriya uchun yanada qulay va tushunarli qilishni ko‘zlamoqda. Bundan tashqari, servisda musiqiy kontent ham kengaytiriladi va yaqin vaqt ichida mashg‘ulotlar uchun K-Pop janridagi treklar qo‘shiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone 17e dizayni yupqalashishi haqida yozgan edi.