Yangiliklar

Humans ilovasidagi to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatildi — Markaziy bank izoh berdi

Fuqarolar Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar bildirgan
Markaziy bankda yangi tayinlovlar amalga oshirildi
Humans ilovasidagi to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatildi — Markaziy bank izoh berdi / Foto: Kursiv Uzbekistan

Markaziy bank 9-dekabr holatiga Humans mobil ilovasi orqali «Octagram» AJ tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Regulyatorga ko‘ra, 8-dekabr kuni ertalab fuqarolar Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar bildirgan. Shundan so‘ng Markaziy bank Octagram bilan bog‘lanib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida P2P operatsiyalarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. 9-dekabr holatiga ko‘ra, Humans ilovasi orqali Octagram tomonidan amalga oshiriladigan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatildi.

Ayni paytda holat bo‘yicha tezkor tekshiruv olib borilmoqda. Shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi hamkorlik to‘liq o‘rganilmoqda.

Markaziy bank Uzcard va Humo kartalari odatdagi tartibda ishlayotgani, to‘lovlar uchun boshqa ilovalardan foydalanish imkoniyati ham saqlanib turganini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Markaziy bank karta olib, mobil ilovalardan foydalana olmayotgan voyaga yetmaganlar bo‘yicha ham izoh bergandi. Unga ko‘ra, Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga alohida ko‘rsatma yubordi. Unda voyaga yetmaganlar uchun mobil ilovadan foydalanish imkoniyatini yaratish, xavf yuqori bo‘lgan operatsiyalar esa qo‘shimcha identifikatsiya bilan himoyalanishi kerakligi aytilgan.