Yangiliklar

Surxondaryoda fuqaro salkam 51 kg narkotik modda bilan ushlandi

Poytaxtda esa kuchli ta’sir qiluvchi dori sotgan dorixona aniqlandi
DXX
Surxondaryoda fuqaro salkam 51 kg narkotik modda bilan ushlandi / Foto: Sun’iy intellekt

Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqaro salkam 51 kg «gashish» giyohvandlik moddasi bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 1985-yil tug‘ilgan shaxs «Kobalt» rusumli avtotransport vositasida 50 kg 978 gr «gashish» modda bilan ushlangan. Uning yashash xonadonidan 186 gr «gashish» topildi. Shuningdek, uning 1986-yilda tug‘ilgan sherigi ham ushlangan.

Toshkent shahrida, Uchtepa tumanida yashovchi 2000-yil tug‘ilgan shaxs «Telegram» orqali sintetik giyohvandlik vositalari sotish vaqtida ushlangan. Fuqaro 225 gr «Alfa PVP», uning 2005-yilda tug‘ilgan tanishi esa 2 dona «Regapen» dorisi bilan qo‘lga olingan. Dori vositasi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi dorixonadan sotib olingani aniqlandi. Norasmiy sotuvchi 14 dona «Regapen»ni 1,2 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Dorixonaning yordamchi omborxonasidan 20 200 dona «Gabatеn», 823 dona «Regapen», 100 dona «Galara» va 4 dona «Torgabalin» olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va «qamoq» ehtiyot choralari qo‘llangan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.