
Fransiyaning Luvr muzeyi 15-dekabr kuni tashrif buyuruvchilar uchun yopildi. Muzey saytida e’lon qilinishicha, bunga xodimlar tomonidan o‘tkazilgan ish tashlash sabab bo‘lgan.
Le Monde nashrining yozishicha, qariyb 400 nafar xodim past ish haqi va mehnat sharoitlarining yomonligi tufayli norozilik bildirishga qaror qilgan.
Kasaba uyushmalari muzeyda tashrif buyuruvchilarni qabul qilish va tartibni nazorat qilish sohalarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni, shuningdek, operativ faoliyat bilan shug‘ullanuvchi xodimlarni vaqtinchalik shartnomalardan doimiy mehnat shartnomalariga o‘tkazishni talab qilmoqda.
Bundan tashqari, kasaba uyushmalari Fransiya madaniyat vaziri Rashida Datiga murojaat qilib, binodagi ko‘plab texnik nosozliklar va eskirish holatlari jiddiy ijtimoiy muammolarga olib kelganini ta’kidlagan.
So‘nggi oylarda Luvrda bir qator noxush hodisalar ham qayd etilgan. Xususan, 19-oktabr kuni muzeyda o‘g‘irlik sodir bo‘lgan, noyabr oyida Kampana galereyasi konstruksiya qulash xavfi sabab yopilgan. Shuningdek, shu oyda quvur yorilishi oqibatida Misr qadimiy yodgorliklari bo‘limi kutubxonasidagi 300 – 400 ta kitob zarar ko‘rgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Luvrdagi o‘g‘irlik bo‘yicha uchinchi gumonlanuvchi qo‘lga olingani haqida yozgandi.