Sport

Rafinyaning rafiqasi FIFA’dan noroziligini bildirdi

Foto: GiveMeSport

FIFA 2025-yilning ramziy terma jamoasini e’lon qilgandan keyin «Barselona» hujumchisi Rafinyaning ro‘yxatdan tushib qolgani uchun uning rafiqasi e’tiroz bildirdi.

Futbolchining turmush o‘rtog‘i Natalia Belloli ijtimoiy tarmoqlarda keskin norozilik bildirib, tashkilotchilarni xolislikni yo‘qotganlikda aybladi. Ramziy jamoa, asosan, mavsumni Chempionlar ligasi g‘olibligi bilan yakunlagan «PSJ» futbolchilaridan tashkil topdi.

Foto: FIFA

Ramziy jamoadan «Pari Sen-Jermen»ning olti nafar futbolchisi Janluiji Donnarumma, Ashraf Hakimi, Uilyam Pacho, Nuno Mendesh, Vitinya va Usmon Dembele o‘rin oldi. Shuningdek, Virjil van Deyk, Koul Palmer, Pedri, Jud Bellingem va Lamine Yamal tarkibdan joy olgan.

«Oltin to‘p» uchun kurashda beshinchi o‘rinni egallagan va 2024/25-yilgi mavsumda barcha musobaqalarda 57 o‘yinda 60 ta golli vaziyatda ishtirok etgan (gol va assist) Rafinyaning e’tibordan chetda qolishi ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Braziliyalik futbolchi Chempionlar ligasida gollar va assistlar bo‘yicha yetakchilik qilgan edi. Uning rafiqasi Instagram’da ketma-ket stories’lar qoldirib, vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.

Natalia Belloli dastlab «Ular buni hatto yashirmayapti ham!» deya yozdi, so‘ngra Rafinyaning statistikasi aks etgan suratni joylab: «62 ta gol+assis, lekin u 11 talikka kirishga loyiq ko‘rilmadi», deya izoh qoldirdi.

Keyingi stories’larda u «adolatsizlik!» va «Rafinya basketbolchimi?!» degan savol bilan murojaat qildi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston vakillari «The Best» sovrini uchun kimlarga ovoz bergani haqida xabar bergan edi.