Sport

Shomurodov Turkiya Superligasida noyabr oyining ramziy tarkibidan joy oldi

Eldor Shomurodov urgan penalti «Bashakshehir» jamoasiga g‘alaba keltirdi
Foto: Turksporajansi

Turkiya Superligasida noyabr oyining ramziy terma jamoasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, «Istanbul Bashakshehir» klubi sharafini himoya qilayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov oyning eng yaxshi futbolchilari qatoridan o‘rin oldi.

Shomurodov noyabr oyida o‘tkazilgan barcha uchta liga o‘yinida raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. U 7-noyabrda «Genchlerbirligi», 24-noyabrda «Trabzonspor» va 29-noyabrda «Kasimpasha» klublariga qarshi bahslarning har birida bittadan gol urib, jamoasining muhim ochkolariga hissa qo‘shdi.

Foto: Instagram / superlig

Shomurodov joriy mavsum Turkiya Superligasida jami 16 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta gol va 2 ta golli uzatma qayd etgan holda, «Trabzonspor» forvardi Pol Onuachu bilan birga to‘purarlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallab turibdi.

«Bashakshehir» safidagi yana bir o‘zbekistonlik yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayev ham noyabr oyida o‘zining samarali harakatlari bilan ajralib turdi. Yozda Moskvadan Istanbulga ko‘chib o‘tgan Fayzullayev 29-noyabr kuni «Kasimpasha»ga qarshi kechgan uchrashuvda (3:1) gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Sports.uz

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodovning gol va assisti «Istanbul Bashakshehir»ga g‘alaba keltirgani haqida xabar bergan edi.