Yangiliklar

Tesla Ostinda haydovchisiz robotaksi sinovlarini boshladi

Endi avtomobillarda xavfsizlik xodimi umuman bo‘lmaydi
Foto: Tesla

Tesla kompaniyasi Texas shtati, Ostin shahrida robotaksi xizmatini yangi bosqichga olib chiqdi: endi avtomobillarda xavfsizlik xodimi umuman bo‘lmaydi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.

Ilon Maskning aytishicha, kompaniya iyun oyidan boshlab tanlab olingan mijozlar va inflyuenserlar uchun robotaksi sinovlarini o‘tkazgan. Avval old o‘rindiqda xavfsizlik xodimi bo‘lgan bo‘lsa, sentabr oyidan u haydovchi o‘rindig‘iga o‘tkazildi. Endilikda esa avtomobillar butunlay inson aralashuvisiz harakat qiladi.

Tesla Ostindagi kichik sinov parki iyun oyidan buyon kamida yetti yo‘l-transport hodisasiga aralashgan, ammo tafsilotlar deyarli ochiqlanmagan. Kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchisiz Tesla Model Y videosini tarqatib, «Sekin-asta, keyin birdaniga» degan ishora qoldirdi.

Tesla robotaksilari Ostindagi xizmat hududini asta-sekin kengaytirib, hozirda metropoliten hududining katta qismini qamrab olmoqda. Avtomobillar soni esa 25 – 30 donadan oshmaydi. Mask iyul oyida park yil oxirigacha AQSh aholisining yarmiga xizmat ko‘rsatadi, deb va’da qilgan, ammo noyabrda reja parkni taxminan 60 ta avtomobilgacha kengaytirishga o‘zgartirildi.

San-Fransiskoda ham Tesla ride-hailing xizmatini sinovdan o‘tkazmoqda, ammo Kaliforniyada qat’iy qoidalar mavjud. Texasda esa haydovchisiz xizmatlarni joriy qilish ancha osonroq.

Tesla egalari shaxsiy avtomobillarini robotaksi parkiga qo‘sha olishi mumkinligi ilgari va’da qilingan, ammo kompaniya apparat va dasturiy ta’minotini bir necha bor yangilagani sababli eski avtomobillar uchun qo‘shimcha yangilanishlar zarur bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla aksiyalari tarixiy rekordni yangilab, eng qimmat kompaniyalar qatoriga qaytgani haqida yozgandi.