Sport

O‘zbekiston terma jamoasi JChda ishtirok etgani uchun kamida 10,5 mln dollar ishlab oladi

Musobaqa g‘olibiga $50 mln beriladi
Foto: BBC

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki uchun kamida $10,5 mln miqdoridagi mablag‘ga ega bo‘ladi. Bu haqda FIFA xabar berdi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, har bir ishtirokchi jamoaga tayyorgarlik xarajatlarini qoplash uchun $1,5 mln ajratiladi. Guruh bosqichida ishtirok etishning o‘zi uchun yana $9 mln to‘lanishi belgilangan. Agar O‘zbekiston terma jamoasi guruhdan keyingi bosqichlarga o‘tsa, daromad miqdori sezilarli darajada ortib boradi.

Xususan, 1/16 finalga chiqqan jamoalarga $11 mln, 1/8 final ishtirokchilariga $15 mln, chorak finalchilarga esa $19 mlndan beriladi. Musobaqa g‘olibi $50 mln, finalchi $33 mln, bronza medali sohibi esa $29 mln mukofot puliga ega bo‘ladi. Umumiy sovrin jamg‘armasi $655 mlnni tashkil etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan muxlislar noroziligidan so‘ng FIFA JCh chiptalari narxini kamaytirgani haqida xabar bergan edi.