
O‘zbekiston hukumati qarori bilan davlat idoralarida Yangi yil munosabati bilan korporativ tadbirlarni budjet hisobidan tashkillashtirish taqiqlanadi.
Qaror davlat xarajatlarini maqsadli va tejamkor yo‘naltirish, shuningdek, ortiqcha va asossiz sarf-xarajatlarning oldini olishga qaratilgan. Hujjatga muvofiq, vazirliklar, idoralar, hududiy hokimliklar — jumladan viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi, shu bilan birga, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik birlashmalarida Yangi yil munosabati bilan korporativ tadbirlar o‘tkazish va bayram dasturxonlarini yozish man etiladi.
Mazkur cheklov nafaqat budjet mablag‘lari, balki budjetdan tashqari manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan tadbirlarga ham tatbiq etiladi. Hukumat ta’kidlashicha, bu choralar davlat organlari va tashkilotlarida mablag‘lardan asossiz foydalanish holatlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, davlat tashkilotlari xodimlariga ma’lum darajada imkoniyat qoldirilgan. Ular Yangi yilga bag‘ishlangan tadbirlarni ish vaqtidan tashqari paytlarda, o‘z shaxsiy mablag‘lari — jumladan oylik maoshi yoki rag‘bat pullari hisobidan mustaqil ravishda tashkil etishlari mumkin.
Qarorning amal qilish doirasi faqat davlat sektoriga taalluqli. Davlatga qarashli bo‘lmagan tijorat tashkilotlari, xususiy kompaniyalar va firmalar uchun ushbu cheklovlar qo‘llanilmaydi. Ular bayram tadbirlarini o‘z ichki qoidalari va moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib o‘tkazishda erkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi yil munosabati bilan mehmonxonalar va muzeylarga chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgandi.