Sport

OFK Millatlar ligasi musobaqasini joriy etishni rejalashtirmoqda

Foto: O‘FA

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) qit’ada milliy terma jamoalar uchun yangi musobaqa Millatlar ligasi (AFC Nations League)ni tashkil etish rejasini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yangi musobaqa FIFA kunlarida muntazam o‘yinlar o‘tkazilishini ta’minlash orqali milliy terma jamoalarning raqib topishdagi qiyinchiliklarini bartaraf etishga xizmat qiladi. Tashkilotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu tizim logistika muammolarini yengillashtiradi va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi.

OFK Millatlar ligasi orqali jamoalar o‘rtasida sport tamoyillariga asoslangan muvozanatli raqobat muhitini yaratishni maqsad qilgan. Bu turnir terma jamoalarning bosqichma-bosqich rivojlanishiga imkon berishi va tijoriy hamkorlar hamda OAV tomonidan katta qiziqish uyg‘otayotgani ta’kidlanmoqda. Musobaqaning aniq formati va o‘tkazilish muddatlari OFK qo‘mitalaridagi muhokamalardan so‘ng rasman e’lon qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Osiyoning eng yaxshi futbolchilari aniqlangani haqida xabar bergan edi.