Sport

O‘zbekiston terma jamoasi 2025-yilni FIFA reytingida 50-o‘rinda yakunlaydi

Foto: O‘FA

FIFA milliy terma jamoalarning 2025-yil yakunlari bo‘yicha yangilangan reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi dunyo reytingida 50-o‘rinni band etdi.

Terma jamoa yil davomida Jahon chempionati-2026 saralash bosqichi doirasidagi uchrashuvlarda barqaror o‘yin namoyish etdi. Ushbu natija «Oq bo‘rilar»ning so‘nggi yillardagi eng yaxshi ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lib, ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritildi.

Osiyo miqyosida O‘zbekiston qit’aning grand jamoalari Yaponiya, Eron, Janubiy Koreya va Avstraliyadan so‘ng beshinchi o‘rinda bormoqda.

Dunyo reytingi yetakchilari qatorida ham o‘zgarishlar kuzatilgan. Ispaniya terma jamoasi birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Argentina ikkinchi, Fransiya esa uchinchi pog‘onadan joy olgan. Kuchli beshlikni Angliya va Braziliya yakunlab bergan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston FIFA reytingida bir pog‘ona yuqorilagani haqida xabar bergan edi.