
Yangi yil bayrami munosabati bilan aholi va sayyohlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida turizm va madaniyat sohalarida bir qator chegirmalar joriy etilmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Madaniy meros agentligi hamda «Vaqf» xayriya jamoat fondiga qarashli madaniy meros obyektlariga tashrif buyuruvchilar uchun kirish chiptalariga 10 foizgacha chegirmalar beriladi. Ayrim obyektlarga esa bayram kunlari bepul kirish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan mehmonxonalar, mehmon uylari va boshqa joylashtirish vositalarida ixtiyoriy ravishda 20 foizgacha Yangi yil chegirmalari taklif etilmoqda. Chegirmadagi mehmonxona va mehmon uylari bilan api-portal.gov havolasi orqali tanishish mumkin.
Bundan tashqari, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat teatrlarining spektakllariga bepul kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi yilning bosh archasi qayerga o‘rnatilishi va qayerlarda bayram tadbirlari bo‘lishi ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, bosh archa esa Milliy kutubxona yaqinida bo‘ladi. Asosiy bayram tadbirlari 2025-yil 25-dekabrdan 2026-yil 10-yanvargacha har kuni soat 11:00 dan 23:00 ga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi maydonida bo‘lib o‘tadi.