
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yo‘l-transport hodisasi ortidan Cobalt haydovchilari va ularning yo‘lovchilari o‘rtasida mushtlashuv yuz berdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 21-dekabr kuni taxminan soat 23:30 da sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda tomonlar o‘rtasida kelib chiqqan bahs yo‘lning o‘zida janjalga aylangani aks etgan.
Ichki ishlar organlari bildirishicha, mushtlashuvdan so‘ng ishtirokchilarning hech biri tibbiy yordamga murojaat qilmagan. Hodisada qatnashgan barcha shaxslarning shaxsi aniqlangan. Chilonzor tumani IIB xodimlari haydovchilar va yo‘lovchilarga nisbatan mayda bezorilik moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirgan.
IIBB haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga va haydash madaniyatiga amal qilishga chaqirdi. Hodisa bo‘yicha to‘plangan materiallar qonuniy baho berish uchun sudga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish kamaygani haqida yozgan edi.