
O‘zbekistonda joriy yilda 288 ta odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyat sodir etilgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining 23-dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2024-yilda respublika bo‘ylab 339 ta qotillik qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 32,7 foizga qisqargan.
Yo‘l-transport hodisalari soni esa 9365 tadan 8738 taga tushgan, bu 6,7 foizga yaxshilanishni ko‘rsatmoqda. Biroq nomusga tegish jinoyati o‘tgan yilga nisbatan 359 tadan 381 taga ko‘paygan. Bundan ko‘rinadiki, bu yilgi ko‘rsatkich 22 taga yoki 6,1 foizga ortgan.
Shuningdek, anjumanda aytilishicha, 2025-yilda IIB xodimlari tomonidan 87 ta jinoyat sodir etilgan. Mazkur jinoyatlarning 75 foizi vazirlik tashabbusi bilan aniqlangan va ularga chora ko‘rish uchun hujjatlar prokuraturaga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mas’ul rahbarlar bilan o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat sifatida bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirganini aytgandi.