Lifestyle

Karim Benzema Pablo Pikassoning noyob asarini sotib oldi — foto

Foto: Sudinfo

2022-yilgi «Oltin to‘p» sohibi Karim Benzema o‘z kolleksiyasini Pablo Pikassoning 1964-yilda chizilgan kartinasi bilan boyitdi. 37 yoshli futbolchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida «Uyga xush kelibsiz» izohi bilan san’at asari yonida tushgan suratini e’lon qildi.

Ushbu asar «Soqolli erkak portreti» deb nomlanadi. Kartina avvalroq Nyu-Yorkdagi amerikalik san’at dileri Xelli Naxmad galereyasida namoyish etilgan edi. Xaridning aniq qiymati oshkor qilinmagan. Benzema uchun bu hafta madaniy voqealarga boy bo‘ldi. Futbolchi yaqinda Luvr muzeyiga tashrif buyurgan edi.

Foto: Instagram / Karim Benzima

Pikassoning asarlari kimoshdi savdolarida muntazam ravishda millionlab dollarga baholanadi. Yaqinda Parijdagi «Drouot» kimoshdi savdosida uning 1943-yilda chizilgan «Dora Maar portreti» 30 mln yevrodan qimmatroqqa sotilgan bo‘lsa, Nyu-Yorkdagi «Sotheby’s» savdolarida «Soat taqqan ayol» asari $139 mlnga sotilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Karim Benzema sevgilisi bilan uchrashish uchun Luvr muzeyini ijaraga olgani haqida xabar bergan edi.