
O‘zbekistonda banklarning daromadlilik bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlari o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Unga ko‘ra, banklarning joriy yilning 11 oyida sof foydasi 13,5 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga qaraganda taxminan 57 foizga o‘sishni anglatadi. 2024-yilda banklar 8,5 trln so‘m foyda ko‘rgan edi.
Statistikaning har bir ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqorilash kuzatilgan. Jumladan, banklarning foizli daromadlari o‘tgan yilning 1-dekabr holatiga ko‘ra, 101 trln so‘m edi, bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich taxminan 14,6 foizga oshgan ( 115,7 trln so‘m).
Daromadlarning foizsiz ko‘rinishi esa 17,6 trln so‘mga yoki 37,3 foizga o‘sdi. Mazkur ko‘rsatkich banklar tomonidan komissiya xizmatlari, hisob-kitob operatsiyalari hamda boshqa noan’anaviy daromad manbalarining kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Banklarning foizli xarajatlari esa 70,7 trln so‘m edi, bu yil esa 81,2 trln so‘mga teng bo‘ldi. Bu holat depozitlar hajmining kengayishi hamda bozor sharoitida resurslar qiymatining qimmatlashuvi bilan izohlanadi.
Foizsiz xarajatlarida ham o‘sish qayd etilgan: 20,6 trln so‘mdan 25 trln so‘mga yetdi. Bu banklar tomonidan operatsion faoliyat, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmaga yo‘naltirilgan xarajatlar ortganidan dalolat beradi.
Avvalroq «Kursiv» Markaziy bank tijorat banklariga bank xizmatlari ko‘rsatishda adolatsiz va insofsiz amaliyotlarga chek qo‘yish bo‘yicha rasmiy talabnoma yuborganini yozgandi.