
Turkiya Superligasining birinchi davrasi yakunlariga ko‘ra shakllantirilgan mavsumning eng yaxshi futbolchilari ro‘yxatidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov joy oldi.

Eldor Shomurodov joriy mavsumda Turkiya maydonlarida ajoyib o‘yin namoyish etib, 12 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 3 ta golli uzatma berdi. Ushbu ko‘rsatkichlar unga nafaqat o‘z klubining yetakchisiga aylanish, balki liganing eng xavfli hujumchisi sifatida e’tirof etilish imkonini berdi.
Ramziy jamoadan Shomurodovning asosiy ta’qibchilaridan biri, nigeriyalik hujumchi Pol Onuachu ham o‘rin olgan. Shuningdek, ro‘yxatda Superliganing boshqa nomdor yulduzlari, jumladan, Leroy Sane, Marko Asensio va Milan Shkriniyar kabi grand klublarning yetakchi o‘yinchilari ham qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodov Turkiya Superligasida noyabr oyining ramziy tarkibidan joy olgani haqida xabar bergan edi.