
Netflix mashhur serialning davomi bo‘lgan «Shelbilar oilasi: O‘lmas odam» (Peaky Blinders: The Immortal Man) filmining ilk tizerini taqdim etdi. Killian Merfi Tommi Shelbi roliga qaytgan kartina 2026-yilning 20-mart kuni striming platformasida namoyish etiladi.
Film voqealari 1940-yilgi Birmingemda, Ikkinchi jahon urushi davrida kechadi. Syujetga ko‘ra, Tommi Shelbi o‘zining eng og‘ir sinovlariga duch keladi. Film ssenariysi serial yaratuvchisi Stiven Nayt tomonidan yozilgan bo‘lib, rejissyorlik vazifasini Tom Harper bajardi.
Aktyorlar tarkibida Killian Merfidan tashqari Rebekka Fergyuson, Barri Keogan, Tim Rot va Stiven Grem kabi yulduzlar o‘rin olgan.
Stiven Naytning ta’kidlashicha, bu film «Shelbilar oilasi» tarixidagi yorqin bob bo‘ladi. Kartina 2026-yil 6-martda tanlangan kinoteatrlarda, 20-martdan boshlab esa Netflix platformasida namoyish etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmining ilk tizeri e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.
