
Raqobat qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga fuqarolardan qurilish kompaniyalari faoliyati yuzasidan murojaatlar kelib tushganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra xaridorlar shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan bo‘lsa-da, ayrim quruvchi tashkilotlar belgilangan muddatda xonadonlarni topshirmagani qayd etilgan.
Shu asosda hududiy boshqarma tomonidan sudlarga 32 nafar iste’molchi manfaatini ko‘zlab 11 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni undirish bo‘yicha da’vo arizalari kiritilgan.
Ko‘rilgan ishlar natijasida Glamur Gold, Transport Free Group, Lucky Technical, Broccoli Plus va Nur kompaniyalariga nisbatan sud qarorlari chiqarildi. Unga muvofiq, 16 nafar iste’molchi foydasiga jami 6,7 mlrd so‘m mablag‘ qaytarilishi belgilandi.
Qo‘mita hozirda qolgan iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha sud jarayonlari belgilangan tartibda davom etayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aholi nega yildan-yilga kichikroq uy sotib olayotgani haqida ma’lumot berilgandi. Tahlillarga ko‘ra, 2020-yilning yanvar oyidan 2025-yilning avgust oyigacha bo‘lgan davrda sotilgan yangi qurilgan kvartiralarning o‘rtacha yashash maydoni barcha hududlarda pasayib, o‘rtacha 45 – 47 kvadrat metrdan 33 – 38 kvadrat metrgacha kamaygan. Ayniqsa, urbanizatsiya jarayoni jadal kechayotgan va aholi zichligi yuqori bo‘lgan hududlarda qisqarish yaqqol ko‘zga tashlanadi.