
BMT Xavfsizlik kengashi Afgʻonistondagi ayollar va qizlarning bugungi ahvolini ayanchli deya baholadi. Kengash tomonidan eʼlon qilingan hisobotga koʻra, «Tolibon» joriy etgan gender cheklovlari mamlakat iqtisodiyotiga har yili kamida $1 mlrd zarar yetkazmoqda.
Hisobotda aytilishicha, Afgʻonistondagi ayollarning qariyb 80 foizi taʼlim olish, mehnat qilish va kasb-hunar oʻrganish imkoniyatlaridan mahrum. Ayollar oʻrtasidagi ishsizlik darajasi erkaklarnikiga nisbatan keskin yuqori. Tibbiy xizmatlardan foydalanish ham koʻplab hududlarda jiddiy cheklangan.
BMT ekspertlari iqtisodiy bosim kuchaygani sababli koʻplab oilalar qizlarni erta va majburiy nikohga berishga majbur boʻlayotgani yuzasidan xavotir bildirdi. Bu holat ijtimoiy tengsizlikni yanada chuqurlashtirmoqda.
Avvalroq 2025-yil mart oyida BMTning Afgʻonistonga yordam koʻrsatish missiyasi (UNAMA) Jahon banki maʼlumotlariga tayanib, ayollar taʼlimi va mehnatiga qoʻyilgan cheklovlar Afgʻoniston iqtisodiyotiga yiliga $1,4 mlrdgacha zarar yetkazishi mumkinligini bildirgan edi. Missiya vakillariga koʻra, «Tolibon» tomonidan qatʼiy ijro etilayotgan cheklovlar mamlakatdagi iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda.
Hisobotda iqtisodiyotga qoʻshimcha bosim sifatida Pokiston va Erondan afgʻon fuqarolarining majburiy qaytarilishi ham qayd etilgan. Qaytib kelayotgan qochqinlar davlat xizmatlari va mehnat bozoriga ogʻir yuk boʻlayotgani taʼkidlanadi.
Shuningdek, ayollarning gumanitar tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki cheklangani sababli xalqaro yordam mexanizmlari samaradorligi keskin pasaygan. Bu esa qaytgan qochqinlarga koʻmak berish imkoniyatlarini qisqartirgan.
Shu fonda Xalqaro jinoiy sud «Tolibon» yetakchilarini ayollar va qizlarni jins asosida tizimli ravishda taʼqib qilgani, ularni taʼlim olish, ishlash va erkin harakatlanish huquqlaridan mahrum etgani uchun javobgarlikka tortgan.
Bundan tashqari, mamlakatda OAV erkinligi ham keskin cheklangani qayd etildi. Ayniqsa, ayol jurnalistlar bosim va taʼqiblarga koʻproq duch kelmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mozori Sharifda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy texnika markazi ochilgani haqida xabar bergan edi.