
2025-yilda Berkshire Hathaway uchun yirik investitsiya qarorlari va boshqaruvdagi qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bu haqda OnInvest nashri ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Uorren Baffet 31-dekabr kuni Berkshire Hathaway bosh direktori lavozimini tark etib, boshqaruvni Greg Abelga topshiradi. Uning so‘nggi yilida kompaniya bir qator muhim bitimlarni amalga oshirdi. Ikkinchi chorakda UnitedHealth Group sug‘urta kompaniyasining 5 mlndan ortiq aksiyasi qariyb 1,6 mlrd dollarga xarid qilindi. Investitsiya oshkor etilgach aksiyalar 10 foizdan ko‘proq oshdi, biroq yil oxiriga kelib hanuz taxminan 35 foiz past darajada qoldi.
Uchinchi chorakda Berkshire portfeliga Alphabet’ning A sinf aksiyalari qo‘shildi. 30-sentabr holatiga ko‘ra, kompaniya 17,9 mln dona aksiya egaligini qayd etdi, ularning umumiy qiymati $4,3 mlrdni tashkil qildi.
Shu bilan birga, Berkshire Apple’dagi ulushini qisqartirdi. Ikkinchi va uchinchi choraklarda qariyb 60 mln dona aksiya $14,6 mlrdga sotildi. Natijada Apple aksiyalari soni 900 mlndan 238 mlntagacha kamaydi, biroq u hanuz portfeldagi eng yirik pozitsiya bo‘lib, ulushi 22,7 foizni tashkil qiladi. 26-dekabr holatiga ko‘ra, ushbu paket qiymati $65 mlrdni tashkil etdi.
Bank of America aksiyalari bo‘yicha ham qisqartirishlar amalga oshirildi. 2024-yil oxirida 680 mln dona bo‘lgan aksiyalar soni 2025-yil uchinchi choragi yakuniga kelib 568 mlntagacha tushdi. Shu bilan birga, bank aksiyalari yil davomida qariyb 28 foizga oshdi.
Oktabr oyida Berkshire Hathaway Occidental Petroleum kompaniyasining neft-kimyo biznesini $9,7 mlrdga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bitim hozircha yakunlanmagan.
Uchinchi chorak oxiriga kelib, Berkshire Hathaway 41 ta AQSh kompaniyasining aksiyalariga qariyb $267 mlrd sarmoya kiritdi. Eng yirik pozitsiyalar Apple, American Express, Bank of America, Coca-Cola va Chevron bo‘lib, ular portfelning qariyb 70 foizini tashkil etadi. Kompaniyaning naqd pul zaxirasi 381,7 mlrd dollarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uorren Baffett 1,3 mlrd dollarni xayriya ishlariga yo‘naltirishi haqida xabar bergan edik.