
General Motors kompaniyasi Chevrolet Corvette oilasi uchun yangi avlod dvigatellarini ishlab chiqishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Speedme nashri xabar berdi.
ZR1 va ZR1X modellarida taqdim etilgan 5,5 litrli biturbo V8 LT7 motoridan so‘ng GM faqat bitta flagman agregat bilan cheklanib qolmoqchi emasligi ayon bo‘ldi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, GM parallel ravishda yangi atmosfera va majburiy puflashga ega V8 dvigatellar oilasini tayyorlamoqda. Ushbu motorlardan biri kelajakdagi Chevrolet Corvette Grand Sport modeli uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin.
LT7 dvigateli Corvette tarixida muhim voqea bo‘ldi: 1 064 ot kuchi, tekis krank vali va ilk bor seriyali Corvette’da qo‘llangan turbokompressor. Biroq Grand Sport an’anaviy ravishda boshqa falsafaga ega model bo‘lib, u trek xarakterini yanada toza va hissiy haydash tajribasi bilan uyg‘unlashtiradi.
Shu sababli insayderlar orasida yangi 6,7 litrli dvigatel haqida gaplar tobora ko‘paymoqda. Ushbu agregat GM ehtiyot qismlar katalogida oltinchi avlod alyuminiy V8, yoqilg‘ini kombinatsiyalashgan purkash tizimiga ega motor sifatida qayd etilgan.
Eng katta qiziqish esa LS6 nomining qaytishi ehtimoli bilan bog‘liq. Bu atama Corvette tarixidagi eng mashhur belgilardan biri hisoblanadi. Avvalroq GM 5,7 va 6,6 litrli dvigatellarni sport avtomobillari va pikaplar uchun tayyorlayotgani aytilgan edi, biroq so‘nggi sizib chiqqan ma’lumotlar aynan Corvette uchun mo‘ljallangan 6,7 litrli variantga ishora qilmoqda. 2027-yilgi modellar uchun rejalashtirilayotgan ishlab chiqarish opsiyalari kodlarida ham bunga bilvosita dalillar uchramoqda.
Agar bu ma’lumotlar tasdiqlansa, Corvette Grand Sport yana model qatoridagi muhim o‘rinni egallaydi va turbinali versiyalarga muqobil sifatida taklif etiladi. Bu avtomobil bozori uchun ekstremal texnologiyalar va klassik amerikancha V8 falsafasi o‘rtasidagi muvozanat saqlanib qolayotganini anglatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan General Motors modellari uchun yangi yoritish tizimini tayyorlayotgani haqida yozgandi.