Yangiliklar

Xolis Paynet bo‘yicha hududlardan shikoyatlar ko‘paymoqda: ilovani ulash majburiymi

Blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham ushbu vaziyatni faol muhokama qilmoqda
Paynet (Xolis) bo‘yicha hududlardan shikoyatlar ko‘paymoqda: ilovani ulash majburiymi
Xolis Paynet bo‘yicha hududlardan shikoyatlar ko‘paymoqda: ilovani ulash majburiymi / Ekran tasviri videodan olindi

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonning turli hududlaridan Paynet’ning Xolis ilovasini majburiy o‘rnatish bo‘yicha shikoyatlar bo‘lmoqda. Tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar mahalla raislari, soliq xodimlari va boshqa mahalliy mutasaddilar tomonidan ushbu ilovani telefonlariga o‘rnatib, undan foydalanishga majburlanayotganini aytmoqda.

Ekran tasviri A’zamxo‘jayev kanalidan

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida mahalla raisi telefon orqali Paynet’dan o‘tilganini tasdiqlovchi skrinshot yuborishni so‘ragani aytilmoqda.

Ekran tasviri A’zamxo‘jayev kanalidan

Shunga o‘xshash holatlar Andijon, Namangan, Qoraqalpog‘iston va Toshkent shahrida ham qayd etilgan. Ayrim hollarda yakshanba kuni ham mahalla yoki hokimlik vakillari fuqarolar uyiga kelib, telefonlariga Xolis ilovasini o‘rnatib bergani haqida xabarlar bor.

Ekran tasviri A’zamxo‘jayev kanalidan

Hatto bir qator tadbirkorlar ham 1-yanvarga qadar Paynet Xolis ilovasini o‘rnatishga majburlanayotganidan shikoyat qilgan.

Blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham ushbu vaziyatni faol muhokama qilmoqda. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, 2025-yil 1-noyabrdan boshlangan va 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan maxsus huquqiy rejimda faqat Paynet’dan foydalanish majburiyligi haqida hech qanday norma yo‘q. Qarorda boshqa to‘lov tizimlari, banklar yoki elektron hamyonlar xizmat ko‘rsatmasligi kerakligi ko‘rsatilmagan.

«Qaror bilan belgilangan rejim doirasida Payme ham, Click ham, TBC ham, Uzum ham, qo‘yingki, istalgan bank yoki to‘lov tashkiloti (hamyon orqali) o‘z xizmatlarini taklif etishini kutgandim. Lekin amalda Paynet’dan boshqa bironta bank yo to‘lov tashkiloti negadir bu ishga qo‘l urmadi (yoki eng yomon kutilmalarda aytilganidek yaqinlashtirilmadi). Natijada, yo‘q joydan navbatdagi yasama monopolistni qabul qilib olmoqdamiz va eng xunugi joylarda bu bo‘lajak monopolist uchun butun mahalliy byurokratiya xizmat qilmoqda», — deb yozgan Bakirov.

Ayni paytda holat yuzasidan hech bir tashkilot rasmiy munosabat bildirmadi. Shu sabab Kursiv Uzbekistan ma’sul vakolatli organlarga so‘rovlar tayyorlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilda bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan uchrashuvda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishini bildirgandi. Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar uchun soliq tizimi soddalashtiriladi. Ular endilikda yagona tartibda aylanmadan 1 foiz soliq to‘lashga o‘tadi.

Masalan, hozir aylanmasi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor yiliga 12 million so‘mgacha qat’iy soliq to‘lagan bo‘lsa, yangi tizimda atigi 1 million so‘m to‘laydi. Aylanmasi 100 milliondan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlarning soliq yuki ham 3-4 barobar kamayadi.