Sport

Dembele Globe Soccer Awards marosimida «Yilning eng yaxshi futbolchisi» deb topildi

Foto: Gloge Soccer

Dubayda bo‘lib o‘tgan Globe Soccer Awards marosimida «PSJ» hujumchisi Usmon Dembele «Yilning eng yaxshi erkak futbolchisi» deb e’lon qilindi. Mazkur sovrin fransiyalik futbolchi uchun «Oltin to‘p» va FIFA The Best mukofotlaridan keyingi navbatdagi yirik muvaffaqiyat bo‘ldi.

28 yoshli futbolchi 2024/25-yilgi mavsumda barcha musobaqalarda 35 ta gol urib, «PSJ» tarixida ilk bor Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lishiga ulkan hissa qo‘shgan edi. Final uchrashuvida parijliklar «Inter» ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, turnir tarixidagi eng yirik natijalardan birini qayd etishgan.

Foto: The Time

Marosimda «Barselona»ning 18 yoshli yulduzi Lamin Yamal ham e’tirofsiz qolmadi. U «Eng yaxshi hujumchi» hamda texnik mahorati uchun Diego Maradona nomidagi maxsus sovrinni qabul qilib oldi. Yamal avvalroq «Oltin to‘p» uchun kurashda Dembeledan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan edi.

Shuningdek, «PSJ» klubi «Yilning eng yaxshi erkaklar klubi», jamoa ustozi Luis Enrike esa «Eng yaxshi murabbiy» nominatsiyasida g‘olib chiqqan.

Tadbirda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, Aytana Bonmati «Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi», Krishtianu Ronaldu esa «Yaqin Sharqning eng yaxshi o‘yinchisi» deb topildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Usmon Dembele FIFA The Best mukofotni qabul qilib olgani haqida xabar bergan edi.