
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyoda kuzatiladigan o‘lim holatining uchdan biri spirtli ichimlik ichish oqibatida yuzaga keladi.
2019-yilgi statistikaga ko‘ra, JSST Yevropa mintaqasidagi mamlakatlarda deyarli 145 mingta o‘lim to‘g‘ridan to‘g‘ri alkogol bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular orasida o‘z joniga qasd qilish, yo‘l-transport hodisasi va yiqilish tez-tez uchragan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, boshqa hech qanday psixofaol modda bunday keng tarqalgan zararni keltirib chiqarmaydi.
JSSTning alkogol bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Karina Ferreira-Borgesning aytishicha, alkogol nafaqat yetti turdagi saraton kasalligini o‘z ichiga olgan jiddiy yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni keltirib chiqaradi, balki odamning o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilish qobiliyatini sezilarli darajada pasaytiradi, xavfli xatti-harakatlarga moyillikni oshiradi. Shuning uchun u ko‘pincha oldini olish mumkin bo‘lgan jarohatlar va o‘limga olib keladi.
Spirtli ichimliklar tajovuzkorlik va zo‘ravonlikni qo‘zg‘atuvchi doimiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda. 2019-yilda mintaqada zo‘ravonlik tufayli taxminan 26,5 mingta o‘lim qayd etilgan va ularning 40 foizdan ortig‘i alkogol bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘z joniga qasd qilishlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i ham alkogol bilan bog‘liq bo‘lgan.
JSST tavsiyalari
JSST mintaqadagi davlatlarni faol va maqsadli choralar ko‘rishga chaqirmoqda. Mutaxassislar alkogol mahsulotlari narxlari va soliqlarining oshishi, ularning sotilish vaqti va joylariga cheklovlar qo‘yilishi, alkogol mahsulotlari marketingini qat’iy tartibga solish, mast holda transport vositasini boshqarishga qarshi kurashning kuchaytirilishi va sog‘liqni saqlash muassasalarida bemorlar orasida zararli alkogol iste’molini erta aniqlashning joriy etilishini eng samarali choralar qatoriga kiritgan.
Bayramlar oldidan JSST odamlarga spirtli ichimliklarni me’yorida iste’mol qilish, ichgandan keyin mashina haydashdan saqlanish va o‘z sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor berish ham bexosdan, ham qasddan jarohatlar xavfini sezilarli darajada kamaytirishi mumkinligini eslatdi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvarga qadar alkogol mahsulotlariga qo‘llaniladigan aksiz solig‘i stavkalari Jahon savdo tashkiloti standartlariga moslashtirilishi haqida xabar bergandi.