Yangiliklar

Navoiyda ichida 47 kishi bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi

Yo‘lovchilarning ikki nafari vafot etgan
Foto: zx6r92 / depositphotos

5-yanvar kuni Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ichida yo‘lovchilari bilan harakatlanib kelayotgan avtobus ag‘darilib ketdi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi.

YTH Tomdi tumani «Tomdibuloq» OFY hududidan o‘tgan A-379 Navoiy – Uchquduq xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘lining 167 – 168-kilometrlari oralig‘ida sodir etilgan. Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, Zarafshon – Navoiy yo‘nalishida ketayotgan Zhong Tong Bus rusumli avtobusning salonida 47 yo‘lovchi bo‘lgan. 17 yillik ish stajiga ega bo‘lgan 39 yoshli haydovchi Sh.X. rul boshqaruvini yo‘qotgan va avtobus yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketib ag‘darilgan.

Hodisa oqibatida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 kishi olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan. Turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olgan 9 kishi tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.

Viloyat IIBga ko‘ra, hozirda vaziyatni to‘liq o‘rganish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Xorazm viloyatining Shovot tumanida poyezd va Cobalt avtomashinasi o‘rtasidagi yo‘l-transport hodisasi haqida yozgandi. Hodisa oqibatida avtomobilga jiddiy shikast yetgan, haydovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.