
Hukumat qarori bilan elektron hisobvaraq-fakturalarning (EHF) xavf darajasini aniqlash hamda ularda aks ettirilgan operatsiyalar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash tartibini belgilovchi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur nizom EHFlarni tovarlar (xizmatlar) yagona yetkazib berish zanjiri doirasida xavf darajasi bo‘yicha baholash, ularni tegishli toifalarga ajratish, shuningdek, xavf darajasiga qarab EHFlar bo‘yicha QQSni to‘lash va hisobga olish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, axborot tizimi asosida yuqori xavf darajasiga ega deb topilgan EHFlarning ulushi hisobot davrida QQS to‘lovchilari tomonidan rasmiylashtirilgan jami EHFlar sonining 10 foizidan oshmasligi lozim.
EHFlarning xavf darajasini aniqlash mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi. Ushbu nizomni qo‘llash maqsadida EHFlar xavf darajasiga ko‘ra past xavf darajasiga ega va yuqori xavf darajasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi.
EHFlar axborot tizimida nazarda tutilgan har bir mezon bo‘yicha ballar qo‘shilishi orqali avtomatik tarzda baholanadi hamda hisoblangan umumiy ball asosida tasniflanadi. Soliq qo‘mitasi esa xavf darajasini inobatga olgan holda EHFlarning markazlashtirilgan elektron reyestrini yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarni tasdiqlash xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgan edik.