Sport

U-23 Osiyo kubogi: O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi bahs durang bilan yakunlandi

Uchrashuvga 7 daqiqada qo‘shib berildi
Foto: O‘FA

Ar-Riyod shahridagi «Prince Faisal Bin Fahd» stadionida U-23 Osiyo kubogi guruh bosqichi 2-tur uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Eron terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi.

Uchrashuv tomonlarning ehtiyotkor o‘yini ostida o‘tdi. Birinchi bo‘limda ustunlik ko‘proq eronliklar tomonida bo‘ldi. Ular bir necha xavfli vaziyatlar yaratdi. 4-daqiqada Muratbayev xavfli zarbani qaytardi. 34-daqiqada esa Reza Gandi Pur deyarli birga bir holatdan foydalana olmadi.

Foto: O‘FA

O‘zbekistonliklar birinchi bo‘lim oxiriga yaqin faollashdi. 41-daqiqada Asilbek Jumayev raqiblarni aldab jarima maydonchasiga kirib bordi, ammo uzatmasi samara bermadi. 43-daqiqada Xayrullayevning zarbasini Eron darvozaboni qaytardi.

Ikkinchi bo‘limda terma jamoamiz bosimni oshirdi. 55-daqiqada Amirbek Saidovning zarbasidan keyin to‘p darvozaga kirmadi. 75-daqiqada Nurlan Ibraimov kuchli, ammo noaniq zarba yo‘lladi. Shunga qaramay, gol urilmadi.

Foto: O‘FA

Uchrashuvga qo‘shib berilgan 7 daqiqada ham hisob o‘zgarmadi. Yakunda bahs 0:0 hisobida durang bilan tugadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston va Yaponiya turnirning eng yosh jamoalari deb topilgani haqia yozgan edi.