
Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Ispaniya Superkubogi finalida «Barselona» «Real Madrid» ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi hisobni 36-daqiqada «Barselona» vingeri Rafinya ochdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqt haqiqiy gollar shousiga aylanib ketdi. 45+2-daqiqada Vinisius Junior muvozanatni tikladi, biroq oradan ikki daqiqa o‘tib, 45+4-daqiqada Robert Levandovski kataloniyaliklarni yana oldinga olib chiqdi. Bo‘lim tugashi arafasida, 45+7-daqiqada «Real»ning yosh iqtidori Gonsalo Garsiya hisobni yana tenglashtirdi – 2:2.
G‘alaba goli ikkinchi bo‘limda kiritildi. 73-daqiqada Rafinya o‘zining ikkinchi golini urib, dubl qayd etdi va jamoasiga muhim ustunlikni taqdim etdi. O‘yinning so‘nggi daqiqalari o‘ta asabiy ruhda o‘tdi. 90+1-daqiqada «Barselona» yarim himoyachisi Frenki de Yong raqibga nisbatan qo‘pol harakati uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi.
Xansi Flik shogirdlari ozchilikda qolganiga qaramay, g‘alabani saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu «Barselona»ning o‘z tarixidagi 16-bor Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritishidir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ispaniya Superkubogi finalida «Real Madrid» «Barselona»ga qarshi maydonga tushishi haqida xabar bergan edi.
