
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi qaroriga muvofiq, umumiy oʻrta ta’lim muassasalari xorijiy til fani oʻqituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlishi sharti belgilangan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu haqda eslatma berdi.
Dastlab bu talab 2024/2025-o‘quv yiliga qadar amal qilishi belgilangan bo‘lsa-da, pedagoglar va jamoatchilik murojaatlari asosida muddat bir necha bor uzaytirib kelindi. Pedagoglarga yordam berish maqsadida joylarda malakali mutaxassislar ishtirokida bepul (onlayn va oflayn) oʻquv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Natijada 2025-yil sentabr – dekabr oylarida 5 ming nafardan ortiq pedagoglar tegishli sertifikatlarni oldi. Hozirga vaqtda 39 mingdan ortiq xorijiy til fani oʻqituvchilari sertifikatga ega.
Vazirlik tomonidan oʻquv mashg‘ulotlari davom ettiriladi va B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlmagan pedagoglarga 2026/2027-o‘quv yili boshlanguniga qadar imkoniyat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijiy til imtihonlarida yuqori natija ko‘rsatgan yoshlarga 100 mlrd so‘mdan ko‘proq kompensatsiya to‘lab berilgani haqida xabar bergan edik.