Xavfsizlik

O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekistonning harbiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosati saqlab qolinadi
Sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi qayta ko‘rib chiqiladi
Sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi qayta ko‘rib chiqiladi / Foto: prezident matbuot xizmati

Sakkiz yil oldin qabul qilingan O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi qayta ko‘rib chiqiladi. 13-yanvar kuni Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda prezident hozirgi mintaqaviy va global vaziyat tubdan o‘zgarib borayotganini ta’kidladi. Shu sababli yangi Mudofaa doktrinasi O‘zbekistonning harbiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatini saqlab qolishi, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishi va yuqori texnologiyalar asosida armiyani rivojlantirishga xizmat qilishi kerakligi qayd etildi.

Davlat rahbari harbiy kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. Endilikda muddatli harbiy xizmat faqat harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarni kasbga o‘rgatish bosqichi sifatida tashkil etiladi. Askarlar 3–6 oylik dasturlar asosida kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqadi va ularga sertifikat beriladi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Shuningdek, har yili 5 ming askar «Bir million dasturchi» va «Besh million sun’iy intellekt yetakchisi» dasturlari doirasida o‘qitiladi. Harbiy xizmat vaqtida oliygohga kirish uchun imtihon topshirish, armiyadan qaytgach esa ta’lim va ishga joylashishda imtiyozlar berish tizimi joriy etiladi.

Prezident armiyada kiberxavfsizlik, muhandislik-texnika, dron va robot texnologiyalari yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish lozimligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Airbus’dan yangi Flexrotor uchuvchisiz tizimlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. Hozircha nechta dron sotib olinayotgani oshkor qilinmagan. Flexrotor dronlari razvedka, kuzatuv, maqsadni aniqlash va axborot yig‘ish kabi vazifalar uchun mo‘ljallangan.