Yangiliklar

Honda kompaniyasi logotipini yangiladi — foto

Yangi belgining dizayni ikki qo‘lning oldinga cho‘zilgan shaklini eslatadi
Производство Honda
Foto: NBC News

Honda kompaniyasi elektromobillar davriga moslashtirilgan yangi korporativ «H» logotipini taqdim etdi. Bu haqda Honda Global nashri xabar berdi.

Yangilangan ramz kompaniyaning strategik transformatsiyasini ifodalaydi va 2027-yildan boshlab bozorda paydo bo‘ladigan yangi avlod avtomobillarida qo‘llanila boshlaydi.

Chap tarafda eski logo, o‘ng tarafda yangi logo / Foto: Honda/Future

Honda’ning afsonaviy emblemasi ilk bor 1963-yilda taqdim etilgan bo‘lib, shu vaqtga qadar faqat kichik dizayn o‘zgarishlari bilan cheklangan edi. Yangi versiya esa so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik vizual yangilanish sifatida baholanmoqda. Logotip kompaniyaning kelajak elektromobillari, jumladan, Honda 0 platformasi doirasida ishlab chiqilgan.

Yangi belgining dizayni ikki qo‘lning oldinga cho‘zilgan shaklini eslatadi. Honda’ga ko‘ra, bu obraz ochiqlik, mijozga yo‘naltirilganlik va harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishga bo‘lgan intilishni anglatadi. Ushbu ramziylik kompaniyaning toza energiya manbalariga o‘tish, gibrid modellar qatorini kengaytirish va yangi avlod elektr platformalarini yaratish strategiyasi bilan bevosita bog‘liq.

Honda ma’lumotiga ko‘ra, yangi logotip faqat avtomobillarda emas, balki dilerlik markazlari dizayni, marketing kommunikatsiyalari hamda avtosport dasturlarining vizual identifikatsiyasida ham qo‘llaniladi. Shu orqali brend yagona va zamonaviy korporativ qiyofa yaratishni maqsad qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan katta oilalar uchun Honda Pilot 2026 taqdim etilgani haqida yozgandi.