Sport

«JCh – 2026» chiptalariga bo‘lgan talab 500 milliondan oshdi

Mezbon davlatlar — AQSh, Meksika va Kanadadan tashqari eng ko‘p chipta so‘rovlari Germaniya, Angliya, Braziliya, Ispaniya, Portugaliya, Argentina va Kolumbiya muxlislari tomonidan yuborilgan
JCh-2026 o‘yinlariga chipta olish uchun arizalar qabul qilina boshlandi
Foto: WKOW

FIFA 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun chiptalarga bo‘lgan talab rekord darajaga yetganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hozirga qadar turnir o‘yinlariga 500 milliondan ortiq chipta so‘rovlari kelib tushgan.

FIFA xabarida aytilishicha, mezbon davlatlar — AQSh, Meksika va Kanadadan tashqari eng ko‘p chipta so‘rovlari Germaniya, Angliya, Braziliya, Ispaniya, Portugaliya, Argentina va Kolumbiya muxlislari tomonidan yuborilgan.

Avvalroq FIFA ayrim chiptalar narxi $8,6 minggacha yetgani sababli tanqidlarga uchragandi. Shundan so‘ng tashkilot har bir o‘yinga $60 lik chiptalar ajratilishini e’lon qildi. Ushbu chiptalar turnirda ishtirok etayotgan 48 milliy federatsiya orqali tarqatiladi va ularni avvalgi o‘yinlarga borgan muxlislar o‘rtasida taqsimlash masalasi federatsiyalarning o‘z ixtiyorida bo‘ladi.

Uchinchi savdo bosqichida (11-dekabrdan 14-yanvargacha) eng katta qiziqish uyg‘otgan uchrashuv 27-iyun kuni Florida shtatining Mayami-Gardens shahrida bo‘lib o‘tadigan Kolumbiya – Portugaliya bahsi bo‘ldi. Shuningdek, Meksika – Janubiy Koreya (18-iyun, Gvadalaxara), final uchrashuvi (19-iyul, Nyu-Jersi shtatining Ist-Raterford shahri), ochilish o‘yini — Meksika – Janubiy Afrika (11-iyun, Mexiko shahri) hamda 2-iyul kuni Torontoda bo‘lib o‘tadigan 1/16 final uchrashuvi eng ko‘p so‘rov olingan o‘yinlar qatoridan joy oldi.

FIFA prezidenti Janni Infantino turnirga bo‘lgan qiziqish juda yuqori ekanini ta’kidlab, stadionlar barcha muxlislarni sig‘dira olmasligini afsus bilan qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, FIFA stadionlardan tashqarida ham, onlayn platformalarda ham muxlislar uchun turli tajribalar yaratishga intilmoqda.

FIFA ma’lumotiga ko‘ra, chiptalar bo‘yicha arizalar natijasi 5-fevraldan oldin e’lon qilinmaydi. Talab taklifdan yuqori bo‘lgan o‘yinlar uchun chiptalar tasodifiy tanlov asosida taqsimlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan dekabr oyida ham «JCH – 2026» chiptalariga talab rekord darajaga yetgani haqida yozgandi.