Sport

«Real Madrid» Segunda vakiliga yutqazib, Ispaniya Kubogini tark etdi

Foto: Reuters / Pablo Morano

Ispaniya Kubogining 1/16 final bosqichida ikkinchi divizion vakili «Albasete» «Real Madrid»ni 3:2 hisobida mag‘lub etib, musobaqadan chiqarib yubordi. Bu uchrashuv madridliklarning yangi ustozi Alvaro Arbeloa uchun ilk rasmiy o‘yin edi.

Zaxiradan maydonga tushgan Jefte Betankor o‘z hisobiga ikkita gol yozdirib qo‘yib, mezbonlarga dramatik g‘alabani taqdim etdi. Uchrashuvdagi hisobni 42-daqiqada «Albasete» himoyachisi Xavi Vilyar burchak zarbasidan so‘ng bosh bilan yo‘llagan zarbasi orqali ochdi. «Real Madrid» tanaffusga qadar Franko Mastantuononing goli evaziga muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Reuters / Pablo Morano

Yaqinda iste’foga chiqarilgan Xabi Alonsoning o‘rnini egallagan Alvaro Arbeloa ushbu bahsga, asosan, ikkinchi tarkibni tushirdi. Kilian Mbappe, Jud Bellingem, Rodrigo va Tibo Kurtua kabi asosiy yulduzlar qaydnomadan tashqarida qoldi.

Ikkinchi taymning 82-daqiqasida Jefte Betankor mezbonlarni oldinga olib chiqdi. Ammo asosiy vaqtda qo‘shib berilgan daqiqalarda Gonsalo Garsiya muvozanatni tikladi. 94-daqiqada Betankorning hal qiluvchi goli madridliklarning musobaqadagi yurishiga nuqta qo‘ydi.

Foto: Reuters / Pablo Morano

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ispaniya Superkubogi finalida «Real Madrid» «Barselona»ga imkoniyatni boy bergani haqida xabar bergan edi.