Yangiliklar

Netflix Warner Bros. Discovery’ni sotib olish uchun 82,7 milliard dollar to‘lashga tayyor

Striming giganti to‘lovni to‘liq pul ko‘rinishida amalga oshiradi
Foto: rozetked.me

Netflix kompaniyasi Warner Bros. Discovery mediaxoldingini sotib olish bo‘yicha kelishuv shartlarini qayta ko‘rib chiqdi. Endilikda kompaniya avvalgi aralash to‘lov usulidan voz kechib, butun summani naqd pul ko‘rinishida to‘lash majburiyatini olmoqda.

Yangi kelishuvga ko‘ra, Netflix xarid uchun jami $82,7 mlrd sarflaydi va bu mablag‘ to‘liq pul o‘tkazmalari orqali qoplanadi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq striming servisi summaning 84 foizini pul, qolgan 16 foizini esa o‘z aksiyalari hisobidan to‘lashni taklif qilgan edi.

Ushbu o‘zgarishga asosiy sabab sifatida Paramount tomonidan bo‘layotgan raqobat ko‘rsatilmoqda. Paramount ham Warner Bros aksiyadorlarini o‘z tomoniga og‘dirishga urinmoqda va u ancha yuqori summa $108 mlrd taklif qilgan. Biroq Netflix o‘z taklifini naqdlashtirish orqali jarayonni tezlashtirmoqchi.

«Warner Bros direktorlar kengashi hamon bir ovozdan bizning kelishuvimizni tavsiya qilmoqda. Biz ishonamizki, bu aksiyadorlar va kontent yaratuvchilar uchun eng yaxshi natijani ta’minlaydi. Naqd to‘lov bo‘yicha yangi shartlar aksiyadorlarning ovoz berish jarayonini tezlashtirishga yordam beradi», – dedi Netflix direktorlaridan biri Ted Sarandos.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Warner Bros. Discovery kompaniyasiga talabgorlar oshayotgani haqida xabar bergan edi.