Lifestyle

Raqobat kuchaymoqda: restoran biznesida O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar kuzatilmoqda

Narx va raqobat muammolaridan tortib, kuzatilayotgan va kutilayotgan yangiliklargacha
2025-yilda restoran biznesida qanday o‘zgarishlar kuzatildi / Foto: Sun’iy intellekt

2025-yil O‘zbekiston restoran va umumiy ovqatlanish bozori uchun sinovli, biroq muhim burilishlarga boy yil bo‘ldi. Bozor barcha ishtirokchilar uchun ham birdek qulay bo‘lmadi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar soni 2024-yil dekabridagi 47,4 mingtadan 2025-yil dekabrida 43,8 mingtaga kamaygan. Bu ko‘rsatkich raqobat kuchayganini va bozorda faqat moslasha olganlar qolayotganini anglatmoqda. Ushbu maqolada o‘tgan yilda restoran biznesida ko‘zga yaqqol tashlangan o‘zgarishlar haqida so‘z boradi.

Maqola quyidagi bo‘limlardan iborat:

  1. Sog’lom ovqatlanishga bo‘lgan talabning ortishi
  2. Xorijiy restoran va kafe tarmoqlarining ochilishi
  3. Texnologiyalarning tadbiq etilishi
  4. «Agressiv» marketing va Instagram orqali targ‘ibot
  5. Yetkazib berish xizmatining ommalashishi
  6. Sifat va narx o‘rtasidagi jang
  7. Xulosa

Sog’lom ovqatlanishga bo‘lgan talabning ortishi

Foto: Sun’iy intellekt

Kursiv Uzbekistan bilan suhbatda kafe egasi sog‘lom ovqatlanishga bo‘lgan talabning ortishi haqida shunday fikr bildirdi:

«Uy bekasiman. Yillar davomida ortiqcha vazn va qand kasalligi bilan kurashib kelganman. Shu sababli parhezbop taom topish men uchun doim muammo bo‘lgan. Har doim uyda ovqatlana olmaganim uchun kafe va restoranlarda parhezimni tez-tez buzib qo‘yardim. Shundan so‘ng o‘zim parhezbop taomlarni onlayn tayyorlab sotishni boshladim. Vaqt o‘tib, men kabi qiynalayotganlar juda ko‘p ekanini angladim. Ish boshlaganimga ikki yil bo‘ldi. Dastlab buyurtmalar 100–150 tadan oshmas edi. 2025-yilda esa bir nechta tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, doimiy mijozlar shakllandi. 2026-yilda shakar va glyutensiz shirinliklarni ham tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqchiman», — deydi kafe egasi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqdan olindi
Foto: Yandex Eats platformasidan olindi

Ko‘plab taniqli fast food kafelar ham shakarsiz va gazsiz ichimliklar, detox kokteyllar, shuningdek yog‘siz taomlarni taklif etishni boshladi. Sabzavotli taomlar, bug‘da pishirilgan ovqatlar, tabiiy sharbatlar va sog‘lom desertlar menyularda kengroq va ko‘proq joy ola boshladi. Taom yetkazib beruvchi platformalarda ham «Healty», «Diet», Detox», «PP», «No sugar» iboralari ostida sog’lom ovqatlar tayyorlaydigan kafe va restoranlar ko‘payib qoldi.

Xorijiy restoran va kafe tarmoqlarining ochilishi

Foto: Sun’iy intellekt

Joriy yil restoran bozorida raqobat sezilarli darajada oshdi. Yirik shaharlar markazida yangi restoranlar ochilishi va mavjud maskanlarning xizmat sifatini yaxshilashi bozorda faollikni kuchaytirdi.

Xorijiy restoran va kafelar tarmoqlarining ilk filiallari O‘zbekiston bozoriga kirib keldi. Natijada mahalliy ovqatlanish maskanlarida ham taom va xizmat sifatini oshirishga intilish sezilarli darajada kuchaydi. Yana bir misol, yaqindagi Burger King Toshkenda ilk filialini ochdi. O’tgan yili esa Dominos’s Pizza restoranlar tarmog‘i O‘zbekistonga kirib kelgan edi.

Bundan tashqari, poytaxt ko‘chalariga allaqachon joylashib, 20 ga yaqin nuqtada o‘z o‘rnini topgan restoranlar viloyatlar markazlarida ham yangi fililalarini ochdilar. KFC’ning Jizzax shahrida yana bir filial ochgani bunga oddiy misoldir.

Texnologiyalarning tadbiq etilishi

Foto: Sun’iy intellekt

Restoran biznesida texnologiyalarni joriy etish restoranlar ish faoliyatini sezilarli darajada osonlashtirdi. Navbatsiz buyurtma berish tizimi, QR-kod yoki planshetli menyu, mobil ilovalar va yetkazib berish xizmatlari keng qo‘llanila boshlandi.

Shuningdek, xodimlarni boshqarish va servisni tizimlashtirish samaradorlikni yaxshiladi, ish jarayonlarini tezlashtirdi va xizmat sifatini oshirdi. Texnologiyalar yordamida restoranlar mijozlar bilan aloqani kuchaytirdi, marketing va sodiqlik dasturlarini avtomatlashtirdi. Inventarizatsiya va moliyaviy hisobotlarni real vaqt rejimida kuzatish imkoni paydo bo‘ldi.

«Agressiv» marketing va Instagram orqali targ‘ibot

Foto: Sun’iy intellekt

Mazkur yilda restoran biznesidagi marketing va reklama strategiyalari ham sezilarli darajada o‘zgarib bordi. Shahar ekranlaridagi bannerlar, ekranlar, avtobus va taksilar, xullas har yonni ishtaha ochar reklamalar to‘ldirib tashladi. Bu ham yetmagandek, endi ular e’tiborini ijtimoiy tarmoqlarga, xususan Instagram’ga qaratmoqda. Instagram sahifasida yangi taomlar, maxsus takliflar hamda restoran muhitini namoyish etish mijozlarni jalb qilishga va brendni kengroq tanitishga yordam berdi.

Foto: Sun’iy intellekt

Poytaxtdagi kafelardan biridagi menedjer Nozima To‘xtayeva bu boradagi tajribasini shunday izohladi:

“Mashhur blogerlarga tez-tez reklama qildirishning imkoni yo‘q. Bitta reklama $4 ming-$5 ming atrofida — juda qimmat! Shuning uchun, Instagram’dagi sahifamizni kunlik post va qisqa videolarni muntazam qo‘yib borish orqali o‘zimiz yurityapmiz. 2026-yilda ijtimoiy tarmoqlarga e’tiborni yana-da kuchaytirmoqchimiz. Reklama bera olmasak, $500-$600 atrofidagi maoshga SMM xizmatini yo‘lga qo‘yish niyatidamiz. Chunki, restoran va kafelar o‘rtasidagi qizg‘in raqobat Instagram’ga ko‘chgan. Bu uchun bizga professional SMM xizmati kerak bo‘layapti. Hozirgi «agressiv» marketing davrida biznesning omon qolishi ijtimoiy tarmoqlarga ham ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lib qoldi.

Yetkazib berish xizmatining ommalashishi

Foto: Sun’iy intellekt

2025-yilda ovqat yetkazib berish xizmatlari restoran biznesida muhim o‘rin egalladi. Onlayn platformalar va mobil ilovalar orqali buyurtmalar soni sezilarli darajada oshdi.

Yandex Go Eats taqdim etgan yillik statistikaga ko‘ra, hozirda 3 mingan ortiq restoran faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 1 mingtaga oshgan. Shuningdek, Navoiy, Qarshi va Marg‘ilon shaharlarida xizmat yo‘lga qo‘yilgan. Natijada, qamrab olingan yirik shaharlar soni 14 taga yetkazilgan. 2025-yilning birinchi yarmida hamkorlar daromadi $340 mlndan oshdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga ko‘paygan, deyiladi statistikada.

Uzum Tezkor sahifasida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, xizmat Shahrisabz, Nurafshon, Guliston, Termiz va Xivada yo’lga qo‘yilib, jami 25 ta shaharni qamrab olgan. Yangi shaharlarda 80 dan ortiq muassasa, jumladan mashhur mahalliy restoranlar platformaga qo‘shilgan.

Foto: Tarmoqlardan olindi

Shunga qaramay, 2025-yilda xizmat turining o‘zida narxlar oshishi kuzatilgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning noyabr oyida ovqat yetkazib berish xizmatlari o‘tgan oyga nisbatan o‘rtacha 0,5 foizga qimmatlagan. Narxlar yil boshidan buyon 5,3 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 6,4 foizga oshgan.

Ma’lumot uchun, 2024-yilning oktabr oyida O‘zbekistonga kirib ketgan Wolt yetkazib berish xizmati 2025-yilda bozordagi o‘rnini mustahkamlab bordi. Shuningdek, ko‘plab kafe va restoranlar ham o‘zlarining ichki «dostavka» tizimlarini yo‘lga qo‘yib, mijozlarga bepul yoki pulli yetkazib berish xizmatini taqdim etib kelmoqdalar.

Sifat va narx o‘rtasidagi jang

Foto: Sun’iy intellekt

Restoran biznesida taom va xizmatlarning sifatini oshirishga qaratilgan harakatlar va xarajatlar narxga bevosita salbiy ta’sir qilishi mumkin. Yuqori sifatli ingrediyentlar, malakali oshpazlar va zamonaviy xizmat turlarini joriy etish xarajatlarni oshiradi, natijada taomlar narxi ham ko‘tariladi.

«Asl turkcha taomlar uchun mahsulot va oshpazlarni Turkiyadan olib kelishimiz zarur, lekin bu juda qimmatga tushadi. Natijada taomlar narxi oshadi va bu, tabiiyki, mijozlar oqimiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Sifat va narx o‘rtasida muvozanatni topish oson bo‘lmaydi. Shu bois, mahsulotlarni asosan mahalliy bozordan xarid qilishga, oshpazlar tarkibini esa mahalliy mutaxassislar hisobidan shakllantirishga majbur bo‘lyapmiz. Shunda ham eng sara va turkchaga yaqin ingrediyentlarni tanlashga harakat qilamiz, lekin mahsulotlarning doimiy ta’minotini yo‘lga qo‘yish ham oson emas», — deydi Turk restorani egasi.

U qayd etishicha, 2026-yilda menyuga o‘zbek milliy taomlarini ham qo‘shish niyati bor. Restoran yirik mehmonxona yonida joylashgani bois, unga xorijdan kelgan mehmonlar ko‘p tashrif buyurmoqda. Ularga esa, tabiiyki, mahalliy oshxonaga mansub taomlar qiziqroq.

Xulosa

Foto: Sun’iy intellekt

2025-yilda O‘zbekistonda restoran biznesi mijozlar oqimi, onlayn buyurtmalar hamda yetkazib berish xizmatlarining kengayishi hisobiga barqaror o‘sishni ko‘rsatdi. 2026-yilda ushbu tendensiyaning saqlanib qolishi kutilmoqda. Xususan, ijtimoiy tarmoqlardagi faollik oshishi, brendlar tomonidan imijni rivojlantirishga e’tibor kuchayishi, shuningdek, restoran ambassadorlari sonining ko‘payishi prognoz qilinmoqda. Bundan tashqari, boshqa biznes turlari va brendlar bilan hamkorlik hamda kollaboratsiyalar kengayishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga kompleks xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Biznes hamroh loyihasi ishga tushirilishi haqida xabar bergan edik.