Yangiliklar

Volvo Google sun’iy intellektiga ega yangi EX60 krossoverini taqdim etdi

Yangi avtomobil 670 ot kuchiga ega va tezkor quvvatlanadi
Foto: volvo

Volvo kompaniyasi ommabop XC60 modeli o‘rnini egallashi kutilayotgan yangi EX60 elektr krossoveri haqida batafsil ma’lumot berdi. Bozorga 2026-yilda chiqishi rejalashtirilgan ushbu avtomobil o‘zining ilg‘or texnologiyalari va yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi.

Yangi EX60 modeli SPA3 arxitekturasida qurilgan bo‘lib, uning asosiy o‘ziga xosligi kuzovning orqa qismida qo‘llanilgan megacasting texnologiyasidir. Bu usul avtomobil vaznini kamaytirish bilan birga, uning mustahkamligini sezilarli darajada oshiradi. Elektron tizimlar boshqaruvi esa Nvidia Drive Thor va Qualcomm Snapdragon chiplariga asoslangan HuginCore platformasiga yuklatilgan.

Elektromobil 800 voltli arxitekturaga ega va 400 kVt quvvatda tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu tizim atigi 10 daqiqa ichida 278 km masofaga yetadigan quvvat olish imkonini beradi. To‘liq quvvat bilan yurish masofasi esa 644 kmni tashkil etadi. Eng kuchli Performance versiyasi haydovchiga 670 ot kuchini taqdim etadi.

Volvo EX60 premium segmentda Zeekr 8X, Tesla Model Y va Porsche Macan EV kabi modellar bilan raqobatlashadi. Yana bir muhim yangilik avtomobil tizimiga Google’ning Gemini sun’iy intellekti integratsiya qilinadi. Hozircha modelning narxi e’lon qilinmagan bo‘lib, u 2027-yilgi model sifatida 2026-yilda sotuvga chiqishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Volvo EX30 avtomobili bilan bog‘liq mojaroga sabab nimaligi haqida xabar bergan edi.