Yangiliklar

O‘zbekiston Janubiy Koreyada eng ko‘p talabaga ega uchta davlatdan biri bo‘ldi

Vyetnam va Xitoydan keyin
O‘zbekiston Janubiy Koreyada eng ko‘p talabaga ega uchta davlatdan biri bo‘ldi / Foto: Ajou University

O‘zbekiston Janubiy Koreyada talabalar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi. Janubiy Koreya Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda 21,8 ming nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olgan.

Talabalar soni bo‘yicha yetakchi o‘rinni Vyetnam egallagan. U yerda 116 ming nafar vyetnamlik talaba o‘qiydi. Ikkinchi o‘rinda esa Xitoy (78,7 ming kishi) turibdi. Aksariyat xorijiy talabalar bakalavriat va magistratura dasturlarini tanlaydi. Shuningdek, tillarni o‘rganish kurslariga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda.

Umuman olganda, 2025-yil dekabr holatiga ko‘ra, Janubiy Koreyada 308,8 ming nafar xorijiy talaba tahsil olgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yildagiga nisbatan 17 foizlik o‘sishga erishga. Talabalar immigratsiyasining o‘sish sur’ati boshqa toifadagi xorijiy fuqarolar oqimidan uch baravar yuqori bo‘lgan.

Shu bilan birga, ta’limga bo‘lgan qiziqish ortishi bilan, sobiq talabalar orasida noqonuniy migrantlar soni oshgani ham qayd etilmoqda. 2025-yilda viza qoidalarini buzgan talabalar soni 19 foizga ko‘paygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga o‘qishga kelgan eng ko‘p talabalar Hindistondan ekanligi haqida yozgan edik.