
Farg‘ona vodiysida kuzatilgan noqulay ob-havo, xususan, kuchli qor yog‘ishi sababli bir nechta xalqaro va mahalliy aviareyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Xususan, S7 Airlines aviakompaniyasining Irkutsk – Andijon yo‘nalishidagi S76311 reysi ekipaji parvozni Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi muqobil aerodromga yo‘naltirishga qaror qilgan. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 00:01 da qo‘ngan.
Air Samarkand aviakompaniyasining Jidda – Namangan yo‘nalishidagi 9S5010 reysi ham ob-havo sharoiti sabab Samarqand aeroportiga yo‘naltirilib, soat 00:27 da qo‘nishni amalga oshirgan. Shuningdek, Ural Airlines’ning Yekaterinburg – Namangan yo‘nalishidagi U62963 reysi ham Samarqanddagi muqobil aerodromga yo‘naltirilib, soat 00:40 da qo‘ngan.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Samara – Namangan yo‘nalishidagi HY9806 reysi Toshkent xalqaro aeroportiga yo‘naltirilib, mahalliy vaqt bilan soat 04:11 da qo‘nishni amalga oshirgan. FlyOne Asia aviakompaniyasining Madina – Namangan yo‘nalishidagi 7Q4452 reysi ham Toshkentdagi muqobil aeroportga yo‘naltirilib, soat 06:05 da yerga qo‘ngan.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi vaqtda Namangan xalqaro aeroporti odatiy rejimda faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri 2025-yilda O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchilar oqimi 15 foizga oshgani haqida yozgandi.