
Dam olish kunlari Yevropa milliy chempionatlarida bir qator o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. Angliyada chempionlik uchun kurashayotgan «Arsenal» o‘z maydonida kutilmagan mag‘lubiyatni qabul qilib olgan bo‘lsa, Ispaniya va Italiya grandlari raqiblari darvozasiga javobsiz to‘plar kiritib, yirik hisobdagi g‘alabalarni nishonlashdi.
APL: «Emirates»dagi triller va mezbonlarning qoqilishi
Angliya Premyer-ligasining markaziy uchrashuvlaridan birida «Arsenal» va «Manchester Yunayted» to‘qnash keldi. Shimoliy Londonda kechgan dramatik bahs «to‘pchilar»ning joriy mavsumdagi mag‘lubiyatsiz uy seriyasiga yakun yasadi.
Uchrashuv mezbonlar uchun omadli boshlanib, Lisandro Martines bosim ostida o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Biroq keyinchalik o‘yin ssenariysi keskin o‘zgardi. Martin Zubimendining qo‘pol xatosidan so‘ng Brayan Mbeumo hisobni tenglashtirishga erishdi. Tanaffusdan so‘ng Patrik Dorgu uzoq masofadan ajoyib zarba yo‘llab, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi — 1:2.
Mikel Merino burchak to‘pidan keyin muvozanatni tiklagan bo‘lsa-da, o‘yin yakunida Mateus Kunya uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab, «Man Yunayted»ga muhim g‘alabani keltirdi. Mikel Arteta shogirdlarining himoyadagi xatolari qimmatga tushdi.
La Liga: Flik jamoasi peshqadamlikni mustahkamlamoqda
«Barselona» o‘z maydonida autsayder «Real Ovyedo» ustidan yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Hansi Flik shogirdlari ikkinchi bo‘limda haqiqiy mahorat ko‘rsatishdi. Gollar shousini 52-daqiqada Dani Olmo boshlab berdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Rafinya darvozabon ustidan to‘pni oshirib, hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi. O‘yinning bezagi esa 18 yoshli iqtidor egasi Lamin Yamal ijrosida bo‘ldi. U Dani Olmoning uzatmasidan so‘ng «qaychi» uslubida fantastik gol urdi. Bu g‘alaba kataloniyaliklarning o‘z uyidagi ketma-ket 10-g‘alabasi bo‘ldi.
A Seriya: «Yuventus» neapolliklarni «nokaut»ga uchratdi
Turinda kechgan prinsipial bahsda «Yuventus» Antonio Konte boshchiligidagi «Napoli»ni 3:0 hisobida dog‘da qoldirdi. Bu natija neapolliklarning chempionlik poygasidagi imkoniyatlariga jiddiy zarba berdi. Kanadalik hujumchi Jonatan Devid o‘yin boshida hisobni ochgan bo‘lsa, goldan biroz o‘tib Kenan Yildiz farqni oshirdi.
Bahs yakunida Filip Kostich jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘llab, o‘yinga nuqta qo‘ydi. G‘alaba «Yuventus»ni 4-o‘ringa olib chiqdi, «Napoli» esa peshqadam «Inter»dan 9 ochko ortda qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» Milanda «Inter» ustidan ishonchli g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.


