
Arizonadagi Pinnacle Nissan dileri xodimi Nik Sherr zavod ishlab chiqarishni rejalashtirmagan Nissan Sentra sport versiyasini mustaqil yaratishga kirishdi. Bu haqda CarBuzz xabar berdi.
Nik Sherr tomonidan yaratilayotgan Sentra SE RS (Special Edition Rally Sport) modeli Nismo osma tizimi, maxsus g‘ildiraklar va T-304 zanglamaydigan po‘latdan yasalgan chiqarish tizimi bilan jihozlanadi. Osma tizimi GT Academy chempioni va poygachi Brayan Xeytkotter tomonidan sozlangan. Mashina salonida mato qoplamalari o‘rniga qizil va qora rangli teri ishlatiladi.

Shuningdek, joriy yilda o‘tkaziladigan SEMA ko‘rgazmasi uchun turbo dvigatelli kuchaytirilgan versiya ham tayyorlanmoqda. Ushbu modelda standart variator olib tashlanib, uning o‘rniga Kanadada sotilgan B18 modelidagi olti pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi o‘rnatiladi.
«Mening maqsadim — yangi Sentra modelini olib, uni o‘zgacha qilish. Biz hamma avtomobillarni sevib qolgan 2000-yillar boshidagi tyuning davrini qaytarmoqchiman», – dedi Nik Sherr.

Loyiha maqsadi xaridorlarni shourumga jalb qilish va ularga noodatiy dilerlik tajribasini taqdim etishdan iborat. Avvalroq Sherr Nissan Xterra yo‘ltanlamasining Titan va Frontier qismlaridan foydalanilgan zamonaviy versiyasini ham yaratgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nissan NX8 avtomobili taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.