
General Motors Chevrolet, Cadillac va GMC elektromobillari egalari uchun quvvatlash jarayonini yanada qulaylashtirdi. Endilikda kompaniyaning myChevrolet, myGMC va myCadillac mobil ilovalari orqali Electrify America’ga tegishli 5 mingdan ortiq tezkor quvvatlash stansiyalarini topish, ulardan foydalanish va to‘lovni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Yangi tizim foydalanuvchilarga alohida Electrify America ilovasini yuklab olish zaruratini yo‘q qiladi. Ilovalar orqali haydovchilar real vaqt rejimida bo‘sh stansiyalarni ko‘rishi, yo‘nalish rejalashtirishi, quvvatlash jarayonini kuzatishi va to‘lovni bevosita telefon orqali amalga oshirishi mumkin. Bu imkoniyatlar Equinox EV, Cadillac Optiq hamda Hummer EV kabi modellar egalari uchun, ayniqsa, qulaylik yaratadi.
Bundan tashqari, GM elektromobillari Tesla’ning Supercharger tarmog‘iga ham bosqichma-bosqich ulanmoqda. Avvaliga maxsus NACS adapterlari orqali kirish imkoniyati yaratilgan bo‘lsa, 2026-yildan boshlab Cadillac Optiq va Optiq-V modellari zavoddan to‘g‘ridan to‘g‘ri NACS porti bilan ishlab chiqariladi. Bu esa AQSh bo‘ylab 36 mingdan ortiq Tesla quvvatlash shoxobchalaridan foydalanish imkonini beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Malibu eng mashhur ishlatilgan avtomobillaridan biri bo‘lgani haqida yozgandi.